O‘zimizning Mashrab aka

Biz Mashrab Boboyev haqida dastlab maktabda o‘qib yurgan kezlarimiz eshitganmiz. Tumanimiz va viloyatimiz gazetalarida Payariq yoki Samarqand zaminida tug‘ilib, voyaga yetgan ijodkorlar qatori Mashrab Boboyevning she’rlari ham bot-bot chop etilib turar edi. Tabiiyki, bizdan ko‘ra ko‘proq biladiganlar bunday paytda “O‘zimizning Mashrab-ku”, deb ichki bir g‘urur bilan muallifning nomiga e’tibor qaratishar edi.

She’rning o‘zi bir chetda qolib, kimdir shoir bolaning qaysi maktabda o‘qigani, boshqa birov uning aka-ukasi qayerda ishlashi, yana kimdir u bilan qaysi yig‘in yoki ma’rakada o‘tirib, otamlashgani haqida gap sota boshlar edi. Muhimi – gazetaning to‘rtinchi sahifasida shapaloqdek joyni egallab turgan satrlar qahramoniga o‘zini daxldor qilib ko‘rsatish. She’rni esa... “O‘qig‘anminan kallaga kirmaydi, uka!” – bahona ham tayyor edi.

Albatta, badiiy adabiyotda jug‘rofiy mansublik u qadar ham muhim ahamiyatga ega bo‘lmasa kerak. Bu haqiqatni biz keyinroq – she’riyatga muhabbat hissi havas qirg‘oqlarini buzib, senga shundan boshqa yo‘l yo‘q, degan botiniy nido butun qalbimizni egallab, bu qo‘tir dunyoni ko‘zimizga tengsiz malak qiyofasida ko‘rsata boshlaganidan so‘ng anglay boshladik. Ayni vaqtda atoqli adabiyotshunoslar, alloma zotlar biri olib-biri qo‘yib deyarli har kuni takrorlaydigan, lekin ma’ni-yu mohiyati o‘zgarmaydigan ro‘yxatlarda bizning qishlog‘imizdan atigi bir necha chaqirim narida o‘sib-ulg‘aygan shoirning nomi ham ora-sirada ko‘zga tashlanib qolishi, turgan gapki, bu ijodkorga alohida qiziqish bilan qarashga undar edi.

Tuman gazetasi qoshida “Parvoz” she’riyat to‘garagi bo‘lardi. To‘qqizinchi sinfdan boshlab bir-ikki bor shu to‘garakka qatnaganim bor. Men tengilar nima dardda-yu, men nima dardda! To‘garak mashg‘ulotlarida Mashrab Boboyevning nomi hurmat bilan tilga olinar edi.

Shoirning o‘zini esa birinchi bor 1986 yili may oyida ko‘rish nasib etdi. O‘shanda biz, Samarqand davlat universitetining bir guruh talabalari ustozimiz Ilhom Hasanov rahbarligida Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston milliy universiteti)ga fan olimpiadasiga kelgan edik. Birinchi kuni peshindan keyin universitetda yozuvchi va dramaturglar - Mashrab Boboyev, Erkin A’zam, Sharof Boshbekov bilan uchrashuv bo‘ldi. Uchrashuvda asosan Sharof Boshbekovning dramalari va Erkin A’zam qissalari haqida gap bordi. Meni hayron qoldirgani – shoir zoti bunday paytda imkoniyatni qo‘ldan bermaydi, she’r o‘qib, davrani junbushga keltirib, uloqni olib ketadi. Lekin o‘sha uchrashuvda bunday bo‘lmadi – Mashrab Boboyev iste’dodli shoir sifatida tanilgan bo‘lsa-da, o‘z ijodi haqida deyarli hech narsa gapirmadi, hatto birorta she’r ham o‘qimadi.

Oradan ikki-uch yil o‘tib, ayni mustaqillik arafasida, matbuotda publitsistik hayqiriqlar avjiga chiqqan bir pallada “Mushtum” jurnalida ish boshladim. O‘shanda Mashrab aka jiddiy mavzularda kuyunchaklik bilan yozgan bir nechta maqolasini tahririyatimizga olib kelgan edi. Ayniqsa, uning milliy g‘urur tuyg‘usi mutlaqo begona bo‘lgan ayrim guruhlarning sobiq Markazdagi bema’ni ko‘ngilxushliklarga taqlid tarzida o‘tkazgan “go‘zallar konkursi”ni tanqid qilib yozgan maqolasi ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otgan edi. Shu tariqa yosh qizlarni behayo liboslarda sahnaga chiqib, qaddi-qomatini ko‘z-ko‘z qilishga undaydigan bunday bo‘lmag‘ur tadbirlarga qarshi jamoatchilik fikri uyg‘otilgan va vaqtida bunday yengil-yelpi tomoshalarning yo‘li to‘silgan edi.

Mashrab akaning esimda qolgan o‘ta jiddiy mavzudagi yana bir maqolasi ona tilimizga davlat maqomi berish, uning nufuzini oshirish, jamoat joylarida ommabop so‘z va iboralarni to‘g‘ri qo‘llash masalasiga bag‘ishlangan edi. Ayniqsa, o‘sha paytlarda Toshkent metrosining so‘nggi bekatida yo‘lovchilarga qarata “Iltimos, vagonlarni bo‘shating!” degan mazmundagi ruscha so‘zlarning ishlatilishiga oriyatli ijodkor hech toqat qilolmas edi. “Xalqimiz – mehmondo‘st, odamning izzatini joyiga qo‘yadigan, har bir so‘zini o‘ylab, boshqalarning ko‘ngliga tegmaydigan qilib gapiradigan xalq. Odam doimo gavjum bo‘ladigan poytaxt metrosida bunday iboralarning ishlatilishi bizning sha’nimizga, milliy ruhimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi”, deb fikr-mulohazalarini o‘sha maqolada bayon qilgan edi. Keyinchalik o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilib, metro vagonlarida ishlatiladigan so‘z va iboralar ham milliy qadriyat va an’analarimizga mos tarzda o‘zgartirilgani barcha ijodkorlarimiz qatori u kishini ham juda xursand qilgan edi.

Mustaqillik arafasida va istiqlolning dastlabki yillarida amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishlardan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilib ular haqida faxrlanib gapirar edi. Yurtparvarlik, milliy g‘urur tuyg‘usi kuchli edi. Esimda, Toshkent shahrida Amir Temur haykali o‘rnatilganida bu haqda birinchilardan bo‘lib qalbi iftixorga to‘lib maqola yozgan ham Mashrab aka edi.

1993 yilning so‘nggi kunlari... Men O‘zbekiston Milliy agentligiga madaniyat bo‘limi mudiri bo‘lib ishga o‘tdim. Mashrab aka tarjima tahririyatining bosh muharriri edi. Yangi xonamga endi kirib o‘tirgan ham edimki, bosh direktor o‘rinbosari, taniqli jurnalist Qulmon Ochil sim qoqdi: “Oqsoqol, ishni boshlang, bu idorada xayol surishga vaqt yo‘q, hozir bir tarjimani olib kirishadi, tezda ko‘rib bering”. Bir zumda matn teradigan operator opa kalavasimon chuvalgan uzun qog‘ozdagi “material”ni olib kirdi. “Mashrab aka berib yubordi”, dedi ohista.

Men matnni “bo‘yash”ga tushdim. O‘n-o‘n besh daqiqalardan so‘ng yana boyagi opa kirib keldi – tarjimaning davomini uzatdi. Men esa unga matnning ko‘rib bo‘lingan qismini berdim. Qalam tekkizilgan qog‘ozga qarab, opaning rangi-quti o‘zgardi. “Siz buni nima qildingiz, Mashrab akaning tarjimasini-ya! O‘zi bugun ishga kelgan bo‘lsangiz, avval yozishni o‘rganing”, deya o‘dag‘aylay ketdi. “Opajon, men bor-yo‘g‘i topshiriqni bajaryapman, tuzatishlarim yoqmasa, mayli, o‘zingiz bilasiz”, dedim.

Bir oz kayfiyatim buzilib, qo‘lim ishga bormay turgan edim, yana telefon jiringladi. Mashrab aka ekan, “Murtazo, - dedi u kishi har doimgidek samimiy ohangda, - tuzatishlaringizning hammasi to‘g‘ri, shunday davom ettiravering”.

Mashrab aka hayotda ham, ijodda ham mard edi, ishiyam, so‘ziyam halol-pokiza edi. Mardlarning sadaqasi ketsangiz arziydi. Lekin, afsuski, hayotda bunday ijodkorlar kam uchraydi. O‘sha so‘zlardan keyin yana ishtiyoq bilan ishga kirishdim.

Oradan bir-ikki oy o‘tib, Amir Temur bobomizning tavallud kuniga bag‘ishlab “Buyuklik timsoli” nomli maqolam deyarli barcha yetakchi gazetalarda chop etildi. Rahbariyatdan maqolani ruschaga tarjima qilish haqida topshiriq bo‘ldi. Tarjimaning dastlabki matnidan Mashrab akaning ko‘ngli to‘lmadi. Ishi oshib-toshib yotishiga qaramasdan, rus tahririyati bosh muharriri, taniqli jurnalist Alfred Baranov bilan birgalikda matnni tahrir qilishga kirishib ketdi. Mashrab aka zo‘r berib, katta hayajon bilan har bir jumlaning ma’nosini tushuntirishga harakat qilar, Baranov taklif etgan tahrirlarni rad etar, unday emas, bunday bo‘ladi, deb butun borlig‘i bilan tahrirga kirishib ketar edi.

Xullas, qo‘l uchida qilingan ishni yoqtirmas edi. Ijodiy ish sidqidildan qilinishi kerak, deb hisoblardi. Albatta, har kuni jild-jild xom-xatala matnlarni titkilab, o‘nlab, hatto yuzlab sahifalardan jilla qursa, odamlarning ko‘nglini ozgina nurafshon etadigan, ularga zavq beradigan, foydasi tegadigan yarim betlik shiringina matn tayyorlash oson ish emas. Hech qaysi hujjat va arxivda qayd etilmaydigan bunday mashaqqatli ish borib-borib jonga tegmasdan qolmaydi, albatta. Bir kuni Mashrab aka shu haqda sekin gapirgan edi: “Men – bir qishloqdan chiqqan odam bo‘lsam. O‘zbekcha matnlar-ku, mayli, lekin ko‘pincha ruschalarini tahrir qilish ham o‘zimga qolib ketadi”.

Shu o‘rinda ko‘pchilik hozirgi yoshlar bilmaydigan yana bir holatni aytib o‘tish ortiqcha bo‘lmasa kerak. Mustaqil davlatchilik boshqa ko‘pgina zarur omillar qatori mustaqil tafakkurni ham talab etadi. Mustaqil tafakkurni esa yangicha voqelikni milliy tilda aks etiradigan mustaqil so‘z va iboralar, atamalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Mamlakatimiz endigina mustaqillik yo‘liga qadam qo‘ygan davrda O‘zbekiston Milliy axbrot agentligida Mashrab aka bilan birga Erkin A’zam, Mamatqul Hazratqulov, Qulman Ochil, Ahmad Xo‘ja, O‘ktam Mirzayor singari iste’dodli yozuvchi va jurnalistlar mehnat qilar, yaxshi ijodiy jamoa shakllangan edi. Tabiiyki, yurtimiz hayotidagi eng katta o‘zgarish va yangiliklar haqidagi rasmiy xabarlar, axborotlar ushbu jamoa mehnati, mahorati bilan sayqal topib, barcha ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinar edi.

Ba’zida taraqqiy topgan dunyoda amalda bo‘lgan, lekin xalqimiz, avvalo biz, jurnalistlar uchun kutilmagan yangilik bo‘lgan tushuncha va tasavvurlarning o‘zbekcha eng qulay, eng maqbul ifodasini topish qiyin muammoga aylanar edi. Albatta, bu borada milliy tilshunosligimizda aniq ilmiy-metodik prinsip va tavsiyalar hali ishlab chiqilmagan edi. Shu bois ustozlar bir paytning o‘zida ham nazariyotchi, ham amaliyotchi sifatida ish olib borib, tilimizni yangi tushunchalar, ibora va atamalar bilan boyitar edi. Shu ma’noda, mustaqillik yillarida o‘zbek tilining boyishida bu ijodkorlarning xizmatlari katta bo‘ldi. Men ularning bu boradagi izlanishlarini Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon kabi mumtoz adiblarimizning o‘tgan asrning 20-yillaridagi til borasidagi sa’y-harakatlari bilan qiyoslagan bo‘lar edim.

Ijod ahli iste’dodi, mahorati, ko‘z nuri, butun hayotini millat ravnaqi, ona yurtining gullab-yashnashi uchun baxsh etadi. O‘zini ayni shu maqsadlar uchun yaratilgan inson, deb hisoblaydi. Shuning uchun ham qaysi xalq yoki millatning toki bitta shoiri yoki yozuvchisi bor ekan, shu millat, shu xalq ma’naviy jihatdan zavol bilmaydi.

Ijodkor inson har kuni qancha so‘z kashf etadi – patent da’vo qilmaydi. Qancha chalamullaning “ilmiy ishi”ni “tadqiqot”ga aylantiradi – mualliflik da’vo qilmaydi. Har bitta asari, maqolasi, tahrirdan o‘tkazgan materialining o‘ziga nomzodlik yoki doktorlik dissertatsiyasiga sarflanadigan mehnatdan ko‘ra ko‘proq ilmiy-ijodiy, intellektual mehnat, kuch-quvvat sarflaydi – ilmiy daraja va unvon talab qilmaydi. Uning uchun eng muhimi – millatning asosiy belgisi bo‘lgan til rivojlansin, millat MILLAT bo‘lib, uyg‘oq vijdon bilan boshini baland ko‘tarib munosib yashasin.

Agar Mashrab Boboyev bu dahri-dundan qanday maqsad-muddao bilan va qanday yashab o‘tdi, desalar, ayni ana shu so‘zlarimiz, o‘ylaymizki, eng to‘g‘ri javob bo‘lsa kerak. Shunday ekan, Mashrab aka o‘z umri davomida bir satr yozmagan taqdirida ham har qanday e’zozu e’tiborga munosib insonlar qatoridan joy olgan bo‘lur edi. Chunki, sir emaski, bunday ulug‘ tuyg‘ular bilan yashashning o‘zi ham ulkan sharafdir. Bunday baxt faqat ruhiy-ma’naviy yuksakliklarga ko‘tarilgan insonlarga nasib etadi.

Bizning kamtarona kuzatishlarimiz bo‘yicha, badiiy ijodga munosabati, amaliy faoliyatiga ko‘ra yozuvchilar ikki xil bo‘ladi. Birinchi guruh vakillari ko‘proq shaxsiy ijodi haqida o‘ylaydi. Ikkinchi guruh vakillari esa nafaqat shaxsiy ijodi, ayni paytda milliy adabiyotning umumiy taqdiri haqida ham ko‘p bosh qotiradi. Hatto adabiyotning kelajagi haqida o‘zining ijodiy taqdiridan ham ko‘ra ko‘proq qayg‘uradi. Bizningcha, Mashrab aka ko‘p jihatdan ana shu ikkinchi guruhga mansub edi. U iste’dod va mahorati, ijodiy mehnatini umumadabiy taraqqiyot yo‘lida sarflashdan charchamas va og‘rinmas edi. Ehtimol, kuch-g‘ayratini ko‘plab qo‘lyozmalarni o‘qish va tahrir qilishdek yozuvchi uchun ortiqcha boshog‘riq bo‘lgan mashaqqatli ishga emas, faqat shaxsiy ijodiy olamini yaratishga sarflaganida bormi, uning qalamidan yanada ko‘proq yorqin asarlar tug‘ilgan bo‘lar edi. Mashrab aka aynan shunday katta badiiy-estetik salohiyatga ega bo‘lgan ijodkor edi. Lekin u bunday ijodiy taqdirdan ongli ravishda voz kechib, ijodiy quvvatining aksariyat qismini adabiyotning umumiy rivoji uchun foydali bo‘lgan ishga – badiiy qo‘lyozmalar tahririga, asosiy ishi yozish bo‘lgan odamlarni o‘z tilida to‘g‘ri yozish ko‘nikmasini egallashiga bag‘ishladi. Shuning uchun XX asr oxiri va XXI asr boshlarida milliy adabiyotimiz erishgan yutuqlarda Mashrab akadek qalam dehqonlarining munosib hissasi bor, desak, adolatdan bo‘ladi.

1998-99 yillarda birmuncha muddat “Respublika” nomli gazetada bosh muharrir bo‘lib ishlashimga to‘g‘ri keldi. Gazetaning nishona soni tayyorlanayotgan paytda Mashrab aka Abdulla Oripov bilan gaplashib, “Respublikam” degan she’r yozdirib olgan edi. Sal xudbinroq shoir bo‘lsa, bilasiz, o‘zimning she’rim turganda boshqaning she’ri uchun kuyinib nima qilaman, degan bo‘lar edi. Boya aytganimizdek, Mashrab aka ijodda halol edi. “Abdullaga men o‘zim va’da berganman, uning oldida uyalib qolmayin tag‘in”, deb, o‘sha she’r gazetada bosilib chiqquniga qadar xabardor bo‘lib turgan edi.

Bir yili Yangi yil arafasida rahbarlik lavozimida ishlayotgan ustozlarimizdan biri keksa yozuvchilarimizni esga olib, ularning holidan xabar olish taklifini bildirdi. Biz bir guruh shoir va jurnalistlar Mashrab akani borib ko‘radigan bo‘ldik. U kishining sog‘lig‘i bir oz yomonlashgan, keksalik ham ta’sirini ko‘rsata boshlagan edi. Lekin ruhi tetik va bardam edi. O‘sha suhbatda Mashrab aka hali ijodiy rejalari ko‘p ekani, “Ko‘ngil ko‘chalari” teleserialini davom ettirish, zamonaviy mavzuda yangi pesalar, she’r va ssenariylar yozish niyati borligi haqida gapirgan edi. Afsuski, shafqatsiz o‘lim bu rejalarni amalga oshirish uchun imkon bermadi – oradan ko‘p o‘tmasdan bu ajoyib iste’dod egasi, benazir inson dunyodan ko‘z yumdi.

Murtazo Qarshiboyev.

***

Taniqli tarjimon, dramaturg, publitsist va shoir Mashrab Boboyev 1941 yilda Payariq tumanida tug‘ilgan. Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida o‘qigan. 

Uning “Onamga xat”, “Bahor kayfiyati”, “Paxtam mening – baxtim mening”, “Gurung”, “Kechki trolleybus”, “Bag‘ishlov”, “Olisdagi chiroq”, “So‘z”, “Men bilgan sir”, “Qani mening yulduzim?”, “Nomsiz yulduzlar” kabi o‘nlab kitoblari nashr etilgan. Shuningdek, Mashrab Boboyev “O‘ttiz yoshlilar”, “Yer tomiri”, “Toshkentdan kelgan mehmon”, “Tunis prezidenti”, “Bizning hovli”, “O‘z uyingdasan”, “Qani mening yulduzim?”, “Suyanch tog‘lari” kabi bir qator sahna asarlari yozib, tomoshabinlar e’tiboriga tushgan. 

Ijodkorning “Iroda”, “Sevgi nidosi” va “Ko‘ngil ko‘chalari” deb nomlangan ko‘p qismli videofilmlari hamon muxlislar e’tirofida. 

Aleksandr Pushkin, Rasul Hamzatov, E.Mejelaytis va boshqa shoirlarning she’rlarini, V.Katayevning “Xayol chechaklari” romani, Muin Bsisuning “Tashrif qog‘ozi”, Otar Chiladzening “Rangin dunyo” she’riy kitoblari va yigirmadan ortiq dramatik asarni o‘zbek tiliga o‘girgan. 

Mashrab Boboyev 1995 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bialan taqdirlangan. 2003 yil 23 iyulda Toshkent shahrida vafot etgan.