«O‘zingda yo‘g‘ini birovdan ololmaysan»: Huquqshunos va olim Toshmurod Jabborovni yo‘qlab

Toshmurod aka bilan bir fakultetda o‘qiganmiz, 1973 yilda ­SamDU o‘zbek va tojik filologiya­si fakulteti kombyuro raisligini u kishidan olgandim. 1972 yilda a’lochi va faol talabalar respublika slyotida ham birga qatnashganmiz.

Taqdirni qarangki, 1988-1989 yillarda viloyat partiya qo‘mitasida ham birga ishladik. Xullas, bir-birimizni yaxshi bilishimiz uchun vaqt yetarli bo‘lgan. Buning ustiga, hamkasbim Jamol Tursunov (joyi jannatdan bo‘lsin) kursdoshi bo‘lganligi uchun Toshmurod aka yashaydigan Nayman qishlog‘iga bizni boshlab borardi. Izzatoy yangam bizlarga dasturxon tuzashdan og‘rinmasdi.

Gap shundaki, men bu insonning qalbini anglab yetganman. Talabaligidayoq (ehtimol texnikumni bitirib kelgani uchunmi) unga domlamizdek murojaat qilardik. Axir davlat stipendianti, qolaversa, iqtidorli talabaning salohiyati shunday bo‘ladi-da. Domlalar ham Toshmurod akaning qadrini joyiga qo‘yishardi.

T.Jabborov garchi diplomni olgandan so‘ng ichki ishlar tizimiga o‘tgan bo‘lsa-da, ilmni ma’qul ko‘rdi. IIB oliy maktabida o‘qidi. Ozgina tajriba orttirgach esa uning akademiyasida tahsil olib, fan nomzodi degan mavqega erishdi. Kamgina bo‘lsa-da, ilm bilan shug‘ullanganlar bunday yutuqlarga erishish qanchalik murakkab ekanligini yaxshi bilishadi. Lekin T.Jabborov hamisha hushyor va shavqli bo‘lib ishladi.

1988 yilda u kishi bilan viloyat partiya qo‘mitasida birga ishladik. Dadilligi va jasoratiga qoyil qolardim, har bir topshiriqqa mas’uliyat bilan yondashishiga havas qilardik. Yig‘ilishlarda muammoni ham ko‘ndalang qo‘ya olardi. Ana shundan keyin u kishi ancha vaqt Kattaqo‘rg‘on tumani sudining sud­yasi vazifasida ishladi. Pensiyaga chiqqach esa advokatlik faoliyati barobarida Samar­qand qishloq xo‘jaligi institutida talabalarga dars berdi.

T.Jabborov bag‘rikeng, shu bilan birga, talabchan ziyoli edi. U kishi, avvalo, o‘ziga talabchan edi. Har suhbatning birida «Ukalar, o‘zingizda yo‘q narsani birovdan ola bilmaysiz, har narsaga havas qilmang, o‘zingizga ishoning», deb qayta-qayta aytardi.

Toshmurod aka oddiy bo‘lsa-da, ma’rifatli oilada katta bo‘lgan. Aka-ukalarning barchasi oliy ma’lumot olgani ham fikrimizning isboti­dir. Zero, o‘zining besh nafar farzandi ham oliy ma’lumot olib, bugun el xizmatida.

Taniqli hamkasbim Jamol aka Tursu­nov do‘sti haqida doim bir gapni takrorlardi: «Toshmurod toshday qat’iyatli, albatta, murodiga yetadigan odam. Bunday fazilatlilar doim jamiyatda beiz qolmaydi». Haq gap, bugun Toshmurod akani birov kursdosh, birov sinfdosh, birov safdosh, birov ustoz, xullas, yaxshi odam sifatida yo‘qlab turibdi. Boqiylik degani ana shu bo‘lsa kerak.

Farmon TOShEV.