O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyatidan olingan daromadlari jismoniy shaxslar jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi

Bugun mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash va aholi bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 8 iyun kuni qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida olingan daromadlari jismoniy shaxslar jami daromadlari tarkibiga kiritilmaydi.

Ta’kidlash lozimki, mazkur hujjatga muvofiq joriy yilning 1 iyulidan boshlab bir qator tartib amaliyotga kiritilmoqda. Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatga olish xabar berish tartibida o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlovchi matritsali shtrix kod (QR-kod) bergan holda maxsus mobil ilova yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi hamda vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini berish tartibi bekor qilinadi. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar 2020 yil uchun ijtimoiy soliqni o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan qat’i nazar, bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida to‘laydi hamda ushbu summa to‘liqligicha byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va undan kelib chiqqan holda, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun o‘rnatilgan tartibda pensiya hisoblash uchun daromad hajmi aniqlanadi.

Qarorga asosan joylashgan joyi (pochta manzili) o‘zgarganda yuridik shaxslar – tadbirkorlik sub’yektlarini davlat tomonidan qayta ro‘yxatdan o‘tkazish katta miqdorlarda soliq qarzdorligi mavjud bo‘lmagan taqdirda xabar berish tartibini qo‘llagan holda bekor qilinadi. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish ularni davlat tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilayotganda (qayta ro‘yxatga olinayotganda) tadbirkorlik faoliyatini olib borish joyi bo‘yicha amalga oshiriladi. Bundan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma unda yakka tartibdagi tadbirkorning fotosurati aks ettirilgan holda beriladi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun nazarda tutilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi, ishtirokchilari soni kamida uch nafar bo‘lgan oilaviy korxonalar aylanmadan soliqni belgilangan miqdordan 50 foizga kamaytirilgan stavkada to‘lashi belgilandi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.