Samarqandda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun soliq miqdori qancha?
2020 yil 30 dekabrdagi “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun bilan qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallanmagan yerlar bo‘yicha bazaviy soliq stavkasi Samarqand viloyati uchun 1 gektar maydonga 33 million so‘m miqdorida belgilandi.
Prezidentimizning 2020 yil 3 dekabrdagi “Resurs soliqlari va mol-mulk solig‘ini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlari Soliq kodeksi bilan belgilanadigan soliq stavkalari asosida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun tuman va shaharlar kesimida, ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab 0,5 dan 2,0 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llagan holda yer solig‘i stavkalarini belgilaydi.
Shuningdek, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan belgilangan, Toshkent shahri bo‘yicha esa O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan yer solig‘i stavkalariga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun ularning hududlarida joylashgan daha, massiv, mahalla, ko‘cha kesimida 0,7 dan 3,0 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni kiritadi. Tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlari alohida yer uchastkalariga, shuningdek, turistik zonalarda joylashgan jismoniy shaxslar foydalanishida bo‘lgan 1 gektardan ortiq yer uchastkasiga yer solig‘ini 3 baravargacha miqdorda oshiruvchi stavkasini belgilash huquqiga ham ega.
2021 yilda jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i (yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari) summasi 2020 yil uchun hisoblangan soliq summasiga nisbatan 30 foizdan ko‘p oshmaydi. Soliq kodeksining 429-moddasida nazarda tutilgan alohida ob’yektlar egallagan yer uchastkalariga nisbatan yuridik shaxslar uchun soliq stavkasining kamaytiruvchi koeffitsiyentini 0,1 dan 0,25 ga oshirish yo‘li bilan kamaytiruvchi soliq stavkasini bosqichma-bosqich bazaviy stavkaga yetkazish davom ettirilmoqda. Yer solig‘i stavkalariga kamaytiruvchi koeffitsiyent 2020 yil 1 yanvardan boshlab avval soliq imtiyozlari berilgan ob’yektlarga nisbatan joriy etilgan.
Yuridik va jismoniy shaxslar uchun yer solig‘ini hisoblash va to‘lash tartibi, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ekinzorlarining normativ qiymatiga nisbatan belgilangan 0,95 foiz soliq stavkasi saqlab qolindi. Bunda meva-sabzavotchilik qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun belgilangan kabi soliq stavkasini belgilash bilan soliqni qishloq xo‘jaligi ekinzorlarining normativ qiymatidan kelib chiqib to‘lashga o‘tkazildi.
Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha berilgan soliq imtiyozlari boshqa turdagi suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarni kiritish hisobiga kengaytirildi.
Ta’kidlash lozimki, 2021 yilning 1 yanvarigacha faqatgina tomchilatib sug‘orish tizimidan foydalanayotgan soliq to‘lovchilar soliq imtiyozidan foydalanishi mumkin edi. Basharti, suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan oyning boshidan boshlab besh yil davomida foydalanishga yaroqsiz bo‘lgan yoki demontaj qilingan bo‘lsa, soliq imtiyozi butun soliq davri uchun soliqni to‘lash bo‘yicha majburiyatlarning tiklanishi bilan bekor qilinadi.
Yer solig‘i summasi barcha hududlarda oshdi.
Navro‘z Fayzullayev,
Samarqand viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimi.