Pandemiya davrida “Samarqand aeroporti” orqali 20 ta charter reysda 4 307 nafar fuqarolar uchib kelgan

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jasurbek Fayzullayevning viloyat teleradiokompaniyasining “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvida ma’lumot berishicha, viloyatning tashqi savdo aylanuvi joriy yilning 8 oyida 811,17 million AQSh dollarini tashkil etgan. Shundan, eksport – 170,98 million AQSh dollari (21,08 %), import – 640,18 million AQSh dollari (78,92 %).

2019 yilning shu davriga nisbatan 221,11 million AQSh dollariga yoki 21,42 foizga kamaygan. Hisobot davrida saldo manfiy ko‘rsatkichga ega bo‘lib, 469,20 million AQSh dollarini tashkil etdi.

Hisobot davrida, viloyatda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan 315,6 million AQSh dollarlik asbob-uskunalar olib kirilib, “Erkin muomalaga chiqarish” (import) bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan va bojxona to‘lovlaridan 572,1 milliard so‘m imtiyozlar qo‘llanilgan. Mazkur asbob-uskunalaring 45,65 million AQSh dollari miqdoridagi qismi bo‘yicha tarmoq jadvallari ishlab chiqilgan.

Bojxona yuk deklaratsiyalarida aniqlangan 239 ta xavflarni minimallashtirish choralarini ko‘rish natijasida davlat byudjetiga 1 milliard 630 million so‘mdan ortiq qo‘shimcha bojxona to‘lovlari undirilgan.

Shuningdek, vazni 148,35 ming tonna, qiymati 242,28 million AQSh dollariga teng bo‘lgan tovar va transport vositalariga nisbatan 6 386 ta (shundan, eksportda 1301 ta, importda 6386 ta) bojxona ko‘riklari o‘tkazilgan. O‘tkazilgan ko‘rik natijasida, noqonuniy tovar va transport vositalarining tashilishi bilan bog‘liq 458,88 million so‘mga teng bo‘lgan jami 31 ta bojxona qonunbuzilishi bilan bog‘liq holatlar aniqlangan.

Chegara bojxona postlari orqali jami 185 838 nafar fuqaro harakatlangan bo‘lib, shundan “Jartepa” chegara bojxona posti orqali 114 256 nafar va “Samarqand aeroporti” chegara bojxona posti orqali 71 582 nafar fuqaro harakatlangan.

Pandemiya davrida “Samarqand aeroporti” orqali 20 ta charter reys orqali 4 307 nafar fuqarolar uchib kelgan.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.