Parrandachilik korxonasi salkam 118 million so‘m penya undirishni so‘radi. Biroq sud penya miqdorini 38 millionga yaqin qilib belgiladi. Nega?
Samarqand tumanidagi parrandachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklaridan biri shartnoma asosida xususiy korxonaga yetkazib bergan mahsuloti haqini 2 yil deganda to‘liq olishga muvaffaq bo‘lgan. Vaqt va daromad yo‘qotgan fermer xaridoridan penya undirib berishni so‘radi.
Da’vo arizasida xususiy korxonadan undiriladigan penya 117 million so‘mdan ko‘proqni tashkil etishi ko‘rsatilgan. Da’vogar vakili o‘z ko‘rsatmasida taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan javobgarga yetkazib berilgan mahsulot haqini kechiktirib to‘lab berganligini, shu sababli penya hisoblanganligini bildirgan.
Ishdagi hujjatlardan va sud majlisi muhokamasidan aniqlanishicha, 2018 yil 23 yanvar va 2018 yil 18 iyulda «Ilonsoy Lomann parranda» fermer xo‘jaligi - sotuvchi va «Umid» xususiy korxonasi - xaridor o‘rtasida oldi-sotdi shartnomalari imzolangan. Shu asosda sotuvchi mahsulot (inkubator tuxumi)ni sotish, xaridor esa tovar haqini to‘lab olish majburiyatini olgan hamda kelishilgan muddatda sotuvchi tomonidan 260 million so‘mlik mahsulotlar xaridorga yetkazib berilgan.
Biroq xaridor o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan. Aniqrog‘i, 2018 yil 18 iyuldagi shartnomaga asosan qolgan 155 million so‘m mablag‘ni kechiktirib, 2020 yil iyulda to‘lab bergan. Vaholanki, shartnomada mahsulot haqi shartnoma tuzilgan kundan boshlab 10 bank kuni ichida to‘lab berilishi lozimligi qayd qilingan. Shu sababli Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi da’vogar manfaatida sudga murojaat qilib, javobgardan to‘lovi kechiktirilgan kunlar uchun penya undirishni so‘rgan.
Taraflar o‘rtasida tuzilgan shartnomaning 5.2-bandiga ko‘ra, mahsulot uchun to‘lov kechiktirilsa, xaridor to‘lovi kechiktirilgan har bir kun uchun to‘lov summasining 0,4 foizi miqdorida penya to‘lashi belgilangan. Qolaversa, Fuqarolik kodeksining 263-moddasiga ko‘ra, neustoyka to‘lash taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan yoki tutilmaganligidan qat’i nazar, kreditor qonunda belgilangan neustoyka to‘lashni talab qilishga haqli.
Oliy xo‘jalik sudi plenumining 2007 yil 15 iyundagi qaroriga ko‘ra, Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga muvofiq, sud qarzdor tomonidan majburiyatlarning bajarilish darajasini, majburiyatda ishtirok etuvchi taraflarning mulkiy ahvolini, shuningdek kreditorning manfaatlarini e’tiborga olib, neustoyka miqdorini kamaytirishga haqli. Shu bilan birga, neustoykaning eng kam miqdori Fuqarolik kodeksining 327-moddasida ko‘rsatilgan foizlar miqdoridan kam bo‘lmasligi lozim, deb tushuntirish berilgan.
Sud ishdagi hujjatlarni o‘rganish barobarida majburiyatdagi shaxslarning o‘z majburiyatlarini bajarish darajasini tahlil qilib, mahsulot haqi oldindan to‘lovsiz berib yuborilganida da’vogarning aybini inobatga oldi hamda javobgardan undirilishi so‘ralgan penya summasini Fuqarolik kodeksining 326-moddasiga asosan kamaytirishni, javobgardan da’vogar foydasiga 37 million 442 ming 864 so‘m penyani undirishni, da’vo talabining qolgan qismini qanoatlantirishni rad qilish lozim, deb topdi.
Javobgar xususiy korxonadan da’vogar foydasiga 37 million so‘mdan ko‘proq penya va to‘lab chiqilgan 17 ming 840 so‘m pochta xarajatlari undirilishi belgilandi.
Da’vo talabining qolgan qismini qanoatlantirish rad qilindi.
Shuningdek, javobgar xususiy korxonadan respublika byudjeti, sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasiga 2 million 340 ming 179 so‘m davlat boji, Oliy sudning hisob raqamiga 55 ming 750 so‘m videokonferensaloqa xarajatlari undirilishi belgilandi.
O‘.Murodov,
Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudi raisi.