Past Darg‘om tumanida noqonuniy egallangan 563,8 gektar yerni asl holiga qaytarish bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritilgan
Xususan, 380 holatda 76,8 gektar yer maydonida noqonuniy qurilishlarni buzdirish ham ko‘zda tutilmoqda.
Bu haqda Past Darg‘om tumani hokimligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida 2020 yil davomida tuman ishchi guruhi o‘tkazgan xatlov natijasiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan suvli yer maydonlaridan o‘zboshimchalik bilan egallanib, noqonuniy qurilishlar qilinganligi yuzasidan 737 holat aniqlangan.
Shundan 380 holat yuzasidan 76,8 gektar yer maydonida noqonuniy qurilishlar qilganligi va 357 holat yuzasidan 487 gektar yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallanganligi aniqlangan. Aniqlangan barcha holatlar bo‘yicha fuqarolik ishlar bo‘yicha tuman sudiga da’vo arizalari kiritilgan.
Da’vo arizalardan 485 tasi qanoatlantirilgan, 252 ta holat bo‘yicha sud jarayoni davom etmoqda.