Past Darg‘omda 4 nafar abituriyentni tibbiyot institutiga kiritib qo‘yish evaziga 48 ming dollar talab qilgan o‘qituvchi qo‘lga olindi (video)
Ayni kunlarda mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tayotgan bir vaqtda, abituriyentlarni o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, ulardan pul talab qilayotgan «uddaburonlar» ham uchrab turibdi.
Xususan, Past Darg‘om tumanidagi umumta’lim maktablaridan birining matematika fani o‘qituvchisi yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 4 nafar abituriyentni Samarqand tibbiyot institutiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qiladi va ularning har biri uchun 12 ming AQSh dollaridan, jami 48 ming AQSh dollari talab qiladi.
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mazkur shaxs kelishilgan puldan 40 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Samarqand pedagogika kollejida o‘qituvchi bo‘lib ishlovchi, 1975 yil Ishtixon tumanida tug‘ilgan shaxs esa aldov yo‘li bilan mahalliy fuqaroning ishonchiga kirib, uni Qozog‘iston Respublikasining Chimkent shahrida joylashgan «Miras» universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun undan 5500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, ushbu ishlarga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.