Past Darg‘omdagi madaniy meros ob’yekti hududi sotiladimi? Tuman hokimligi vaziyatga oydinlik kiritdi

Saytimizda bir necha bor Past Darg‘om tumani Xonchorbog‘ mahallasida topilgan qadimiy qabrtoshlar haqida xabar berib, aholining ushbu hudud auksionda sotib yuborilishi mumkinligi yuzasidan xavotirini ma’lum qilgandik.

Dastlab Madaniy meros agentligining rasmiy saytida bu bo‘yicha munosabat bildirilgandi. Biroq munosabatda ko‘zda tutilgan hudud maqoladagi emas, balki boshqa ob’yekt bo‘lib chiqdi. Yaqinda esa tuman hokimligi ayni muammo yuzasidan ma’lumot taqdim etdi:

“Ijtimoiy tarmoqlarda “Past Darg‘omdagi madaniy meros ob’yektlari asrab-avaylanadimi?” sarlavhasi ostidagi xabar tarqaldi. Unda, Past Darg‘om tumani Xonchorbog‘ mahallasi Qayrag‘och qishlog‘idagi qabristondan qadimiy qabrtoshlar topilgani va mazkur hududni madaniy meros ob’yekti sifatida ro‘yxatga olishda muammolar yuzaga kelayotgani, keyingi xabarda esa, ushbu yer maydonining auksionga chiqarilgani bayon etilgan.

Holatga aniqlik kiritish maqsadida, Kadastrlar palatasi tuman bo‘limidan ma’lumot oldik.

Unga ko‘ra;

Murojaatda nazarda tutilgan yer maydoni Xonchorbog‘ mahallasidagi 33-konturida joylashgan tuman zaxirasidagi qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydoni sanaladi. Joriy yilning 15 iyul kunida mahalliy tadbirkorlar tomonidan ushbu yer maydonidan mahalla guzari va sport maydonchasi qurish taklifi bilan chiqilgan.

Shunga asosan, Kadastrlar palatasi tuman filiali tomonidan o‘rganilgan va uning tuman zaxirasidagi qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yer maydoni ekani aniqlanib, Vazirlar Mahkamasining 685-sonli qaroriga asosan, “YERELEKTRON” AATga tegishli tashkilotlar bilan ya’ni, tuman qurilish va uy-joy kommunal xo‘jalik bo‘limi, "Hududgaz" tuman bo‘limi, "Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi aksiyadorlik jamiyati" tuman elektr ta’minoti korxonasi, tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi inspeksiyasi tuman bo‘limi, Samarqand viloyati madaniy meros boshqarmasi, tuman sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi va boshqa tegishli tashkilotlardan xulosa olishga kiritilgan. Ushbu tashkilotlar tomonidan tegishli tartibda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish ishlari yakunlanib, ushbu tashkilotlarning xulosasi olingandan so‘ng, onlayn savdoga chiqarish mumkinligi yoki, ta’qiqlangani ma’lum bo‘ladi.

Bundan tashqari, joriy yilning 11 sentyabr kuni tuman hokimligi tomonidan Samarqand viloyati madaniy meros boshqarmasi boshlig‘iga ushbu yer maydonini tegishli tartibda o‘rganib, madaniy meros ob’yekti sifatida ro‘yxatga olinishida amaliy yordam so‘ralib xat chiqarilgan.

Hozirda, bu bo‘yicha Samarqand viloyati madaniy meros boshqarmasi tomonidan ham o‘rganish olib borilmoqda va tuman hokimligi bu masalada nafaqat ushbu boshqarma bilan balki, boshqa ommaviy axborot vositalari bilan ham faol hamkorlik qilishini bildiradi” deyiladi tuman hokimligi rasmiy munosabatida.