Past Darg‘omlik yigit «odno» orqali tanishgan qizni qo‘rqitib, pul talab qilib kelgan

Joriy yilning 8 dekabr kuni 25 yoshli Oydinoy (ismi o‘zgartirilgan) Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani IIBga ariza bilan murojaat qilib, unda 2019 yil avgust oylarida «Odnoklassniki» ijtimoiy tarmog‘ida 21 yoshli R.A. ismli shaxs bilan tanishib, o‘zaro uchrashib yurganligi, R.A. uni sharmanda qiluvchi ma’lumotlarni tarqatib yuborish bilan qo‘rqitib, 1.700 AQSh dollari miqdorida pul talab qilayotganligini bildirgan va ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, 2019 yil 8 dekabr kuni soat 18:00 da Past Darg‘om tumani IIB JQB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida R.A. so‘ralgan pullarning bir qismi, ya’ni 600 AQSh dollarini olayotganida ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Past Darg‘om tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov jarayonida R.A.ga ayblov e’lon qilindi va unga nisbatan «garov» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.