Pastdarg‘omlik ayollar bozorda sodir bo‘lgan yong‘inda jabrlanuvchi deb topilmagani uchun norozilik bildirdi

Fuqarolar D.Soatova, A.Agayeva va G.Amirovalar 2021 yil 7 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi binosi oldida namoyishga chiqib, ommaviy axborot vositalariga Past Darg‘om tumani bozoridagi yong‘in yuzasidan ko‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ular jabrlanuvchi deb e’tirof etilmaganligini, ish tafsiloti jamoatchilikdan yashirib kelinayotganligini e’lon qilishdi.

Holat yuzasidan Samarqand viloyati prokuraturasi rasmiy bayonot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yil 24 may kuni tunda tumandagi “Past Darg‘om meva-sabzavot” MChJ avtoturargohi hududida joylashgan, fuqaro Sh.Umarovga tegishli bo‘lgan yengil konstruksiyali savdo do‘konlari va unga yaqin masofada joylashgan poliz ekinlari sotishga mo‘ljallangan pavilonlarda yong‘in ro‘y bergan.

Voqea joyi ko‘zdan kechirilganida 120 kvadrat metr maydondagi jami 8 ta savdo do‘koni, 90 kvadrat metr maydondagi 5 dona yengil konstruksiyali pavilonlar va ichidagi mahsulotlar to‘liq yonib ketganligi aniqlangan.

Shu kuni Past Darg‘om tumani prokuraturasi tomonidan holat bo‘yicha JKning 173-moddasi 1-qismi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tuman IIB huzuridagi TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yong‘in sababini aniqlash maqsadida sudga oid yong‘in texnika ekspertizasi tayinlangan.

Tergov jarayonida fuqarolar D.Soatova, A.Agayeva, G.Amirova va boshqalar holat yuzasidan batafsil so‘roq qilinib, 6 nafar fuqarolar jinoyat ishi yuzasidan jabrlanuvchi sifatida e’tirof etilgan.

Jabrlanuvchilar tomonidan ko‘rsatilgan barcha vajlar tergov davomida har tomonlama o‘rganib chiqilishi ta’minlanadi.

Mazkur jinoyat ishi tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.