Paxtachida mahalla raisi va fuqaro o‘rtasida yuz bergan holat bo‘yicha ma’lumot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda "Mahalla raisi fuqaroga kuch ishlatganligi aytilmoqda" sarlavhasi ostida video tarqaldi.

Viloyat IIB holat yuzasidan ma’lumot berdi:

"Qayd etilishicha, 30 iyul kuni Paxtachi tumani “Quvondiq” mahallasida yashovchi fuqaro 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, turmush o‘rtog‘i R.U. mast holatda janjal qilayotganligi bo‘yicha murojaat qilgan.

Murojaat yuzasidan hudud profilaktika inspektori A.Egamberdiyev va shu mahalla raisi fuqaro R.U.ning uyiga borganida, haqiqatan ham R.U. mast holatda turmush o‘rtog‘i bilan janjal qilayotganligi aniqlangan.

Shundan so‘ng, profilaktika inspektori hamda mahalla raisi fuqaroni mastlik holati tarqagunga qadar tuman IIB binosida saqlash maqsadida olib ketmoqchi bo‘lganda, u profilaktika inspektorining qonuniy talabini bajarmagan.

Mahalla raisi R.U.ni tinchlanishi va hushyor tortishi uchun yelkasiga ikki marotaba qo‘lining kaft qismi bilan tegingan.

R.U. tuman IIB binosiga olib kelinib, tegishli tartibda rasmiylashtirilib, mastlik holati tarqagandan so‘ng, uyiga ruxsat berilgan", deyiladi IIB munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisining fuqaroga "tegingani" muhokamalarga sabab bo‘lgandi.