Paxtachida sayyor qabul nega yetti soat davom etdi?
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning shahar va tumanlar aholisi uchun o‘tkazib kelinayotgan sayyor qabuli bu yil ham olis tumanlardan biri - Paxtachidan boshlandi.
Tumandagi pedagogika kollejida o‘tkazilgan qabulda viloyat hokimi bilan birga, boshqa sektorlar boshliqlari, viloyatdagi boshqarmalar va tegishli idoralar rahbarlari hamda tumandagi mutasaddilar ishtirok etdi.
Qariyb 7 soat davom etgan sayyor qabulda 496 nafar fuqaroning murojaati qayd etildi. Barcha masalalar birma-bir tinglanib, ularning yechimi yuzasidan mas’ullar biriktirildi. Murojaatlarning aksariyatini elektr va gaz ta’minoti, yo‘l qurilishi, bandlik, tibbiy xizmat hamda uy-joy masalalari tashkil etdi.
- Qishlog‘imizda elektr energiyasi ta’minotida muammolar ko‘p, - deydi Hunarmand mahallasida yashovchi Azamat Karimov. – Transformator va simyog‘ochlarni almashtirish masalasida viloyat hokimiga murojaat qildim. Shu yilning iyul oyigacha bu muammo bartaraf etilishi bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berildi.
Viloyat hokimiga murojaat qilgan paxtachiliklar orasida o‘tgan yilgi sayyor qabulda o‘rtaga tashlangan muammolar o‘z vaqtida yechimini topganligi uchun minnatdorlik bildirish maqsadida kelgan fuqarolar ham bo‘ldi. Shuningdek, Istiqlol mahallasida yashovchi Qunduz Hotamova o‘zi tashkil etgan tikuvchilik sexiga xotin-qizlarni ishga taklif qilish uchun sayyor qabulga kelganligini aytdi.
- To‘rt muchasi sog‘lom odam harakat qilishi kerak, - deydi Q.Hotamova. – Kimdandir yordam kutib yashash bilan hayoti o‘zgarmaydi. Biroz qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, bankdan kredit olib, maxsus ish kiyimlari tayyorlanadigan kichik korxonamni tashkil qildim. Sayyor qabulga 5 nafar xotin-qizni tikuvchilikka ishga qabul qilish istagida keldim. Ularga ish unumdorligiga qarab kuniga 50 ming so‘mgacha ish haqi berishim mumkin.
Paxtachi tumani hokimi M.Hamdamov bu ayolning tashabbusini qo‘llab, yana 10 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlash sharti bilan uch kun ichida 10 ta tikuv mashinasi xaridi uchun 30 million so‘mlik imtiyozli kredit berish taklifini bildirdi. Tadbirkor bu taklifni qabul qildi.
- Bugungi sayyor qabul joylarda xotin-qizlar qo‘mitasi, mahalla faollari tomonidan aholi muammolarini o‘rganish masalasi keyingi paytda o‘z holiga tashlab qo‘yilganini ko‘rsatdi, - dedi E.Turdimov. – Chunki aksariyat xotin-qizlar maishiy va oilaviy muammolar bo‘yicha murojaat qilishdi. Axir bunday muammolarni mahallaning o‘zida hal etsa bo‘lardi. Shuningdek, tumanda gaz va elektr energiyasi yetkazib berishda ham muammolar ko‘pligi sezilib turibdi.
Viloyat hokimi sayyor qabul yakunida ana shu jihatlarga alohida e’tibor qaratdi. Qabul davomida mas’ullarga topshirilgan masalalarning ijrosi bir hafta ichida muhokama etilishi belgilangan holda har bir hududda uyma-uy yurib, aholining muammosini o‘rganish va hal etish zarurligi ta’kidlandi.
Baxtiyor MUSTANOV.