Paxtaning xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi

Prezidentimizning 2020 yil 6 martdagi “Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi.

Qarorga ko‘ra, 2020 yil hosilidan boshlab paxta yetishtirishda davlat buyurtmasi bekor qilinadi.

2020 yil hosilidan boshlab:

– paxtaning xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi;

– paxta yetishtiruvchilarga rayonlashtirilgan navlarni erkin tanlash huquqi beriladi;

– sertifikatlangan urug‘lik yetkazib berish tizimi saqlab qolinadi va bosqichma-bosqich Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi urug‘chilik klasterlari hamda paxta-to‘qimachilik klasterlari zimmasiga yuklatiladi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilmagan hududlarda paxta tozalash korxonalari ishtirokida fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy kooperatsiyasi tashkil etiladi.

Shunga ko‘ra, texnika, uskuna, transport vositalaridan va paxta tozalash zavodlaridan birgalikda foydalanishni tashkil etish Kooperatsiyaning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, respublikada ishlab chiqarilgan paxta tolasi uchun birjada boshlang‘ich narx shakllanishida amalda qo‘llanilayotgan 10 foiz miqdoridagi chegirma bekor qilinadi.

2020 yil 15 martdan:

– paxta yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 12 oy muddatgacha kreditlar ajratiladi;

– yetishtirilgan paxtani xarid qilish uchun tijorat banklari tomonidan 12 oy muddatgacha paxta yig‘im-terimi hamda yakuniy hisob-kitob uchun tijorat kreditlari ajratiladi.

2021 yil hosilidan boshlab paxta yetishtirishni kreditlash tartibi fermer xo‘jaliklari tomonidan mustaqil ravishda aniqlanadi (yer maydoni to‘liq klasterga berilgan hududlar bundan mustasno).

Shuningdek, qaror bilan “O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tugatilishi belgilangan.