Payariq tumanida jamoatchilik eshituvi tashkil qilindi
Joriy yilning 12 noyabr kuni “Yuksalish” umummilliy harakati Samarqand viloyati bo‘linmasi tashabbusi bilan Payariq tumanida “Yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar” yuzasidan jamoatchilik eshituvi tashkil qilindi.
Ma’lumki, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. Ushbu qonun bilan mamlakatda jamoatchilik nazoratining huquqiy asosi yaratildi va unda jamoatchilik nazoratining shakllari, ularni amalga oshirish tartiblari batafsil belgilandi.
Jamoatchilik eshituvi – bu davlat organlarining, mansabdor shaxslarning faoliyatiga taalluqli va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan yoxud fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamiyat manfaatlariga daxldor masalalarni muhokama qilish uchun tashkil etiladigan yig‘ilishdir. Jamoatchilik eshituvini nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalari o‘tkazishi, shuningdek, uning ommaviy va ochiq tarzda o‘tkazilishi belgilangan.
Shundan kelib chiqqan holda, Payariq tumanida tashkil qilingan mazkur jamoatchilik eshituvida tuman hokimi Dilshod Musinov, shuningdek, tumanda yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlashga mas’ul bo‘lgan mutasaddi rahbarlar, tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi mutaxassislari, tuman Kengashi deputatlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida tumanda yoshlar va xotin-qizlar siyosatiga oid amalga oshirilgan ishlar, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni shakllantirish holati hamda sohada duch kelinayotgan muammolar to‘g‘risida, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar bilan ishlash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha, shuningdek, yoshlar va xotin-qizlar bandligi, ishsizlik darajasi, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, bandlikka ko‘maklashish markaziga qilinayotgan murojaatlar borasida jamoatchilik eshituvi ishtirokchilariga batafsil axborot berildi.
Ta’kidlash joizki, joylarda tashkil etilayotgan bu kabi jamoatchilik nazorati tadbirlari Davlat dasturlarida belgilangan vazifalarning samarali ijrosi ta’minlanishiga, pirovardida fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga xizmat qiladi.
“Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘linmasi.