Payariqda 33 nafar uy-joyga muhtoj oila uyli bo‘ldi
Payariq tibbiyot kollejining ikki qavatli yotoqxona binosi qayta ta’mirlanib, 33 nafar nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, uy-joyga muhtoj oilalarga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Samarqand viloyati hokimining o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G. Alimova, Payariq tumani hokimi D.Musinov va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
- Ikkinchi farzandimni dunyoga keltirgach, ko‘zim ojiz bo‘lib qoldi, - deydi To‘polos mahallasida yashovchi Gulsanam To‘rayeva. - To‘rt yildan beri onamnikida yashayman. Xalqimiz bejiz "O‘z uying - o‘lan to‘shaging", deb aytmagan. Bugun shunday baxtga musharraf bo‘ldim. Bu baxtni hadya etganlardan minnatdorman.
Shuningdek, ushbu binoda turmushida murakkab vaziyatga tushib qolgan, oilasida zo‘ravonlikka duch kelgan ayollar va ularning farzandlari uchun "Ayollar ijtimoiy moslashuv maslahat markazi" ham o‘z faoliyatini boshladi.
- Markazda ayollarga har tomonlama ko‘mak berish maqsadida barcha sharoitga ega yotoqxona, tibbiyot xonasi, oshxona, kutubxona tashkil etildi, - deydi viloyat hokimi o‘rinbosari G. Alimova. - Shu bilan birga ularga bu yerda huquqshunos va psixologlar tomonidan maslahat va amaliy yordam beriladi.
Nasiba Jonto‘rayeva.