Payariqdagi xorijiy tillar fakultetida kimlar o‘qiyapti?
Yangi o‘quv yilidan Payariq va Narpay tumanlarida Samarqand davlat chet tillar institutining xorijiy tillar fakultetlari ochildi.
Shu paytgacha oliy ta’lim muassasalari faqat shahar markazlarida tashkil etilardi. Qishloq yoshlarini oliy ta’limga ko‘proq jalb etish, olis qishloq maktablarida ham yetuk mutaxassislar faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida bugun tuman hududlarida ham oliy ta’lim dargohlari ochilyapti. Xo‘sh, ushbu fakultetlar zamon talabiga javob bera oladimi?
Savolga javob izlab Payariq tumanidagi xorijiy tillar fakultetida bo‘ldik.
Fakultet - hududi 4 gektar maydonni egallagan sobiq iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji binosi ajratilgan maskan. U aholi istiqomat qiladigan yerdan biroz olisda ekan.
- Davlat test markazi tomonidan fakultetimizga 79 nafar talaba o‘qishga tavsiya qilingandi, - dedi talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Temur Ahmedov. – O‘quv binomiz tumanda joylashgani uchun 69 nafar talaba o‘qishga keldi. Bir nafar talaba hali 10-sinf o‘quvchisi bo‘lgani uchun o‘qishga qabul qilinmadi, qolgan 9 nafari uzoq viloyatdan bo‘lgani, oilaviy sharoiti to‘g‘ri kelmasligi sababli o‘qishni istamadi. Ammo, fakultetimizda oshirilgan to‘lov-kontrakti (super kontrakt) asosida o‘qishni istovchilar bor. Shu paytgacha 8 nafar talabgor o‘qish istagini bildirdi. Hali yana arizalar tushyapti, 22 noyabrgacha hujjat qabul qilinadi.
Xorijiy tillar fakultetida xorijiy til va adabiyoti (ingliz tili) hamda maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda xorijiy til (ingliz tili) ta’lim yo‘nalishlari mavjud. O‘quv binosi 610 o‘rinli bo‘lib, unda 110 kishilik yotoqxona, oshxona, sport va faollar zali bor.
- O‘zim ham shu yerda, turmush o‘rtog‘im bilan yashayapman, - deydi fakultet dekani Sayfiddin Bozorov. – Dastlab shahardan qatnab ishlayman degandim, ammo fakultetimiz ochilgach, ishni yo‘lga qo‘yib olish uchun shu yerda yashashim kerakligini his qildim. Talabalar yotoqxonasining qorovuli bo‘lsa-da, ularning yonida bo‘lishga qaror qildim. Bu yerda har bir talabam bilan yaqindan tanishman, ularga qo‘limdan kelgancha yordam beraman. Talabalarimning biror gapi bo‘lsa menga telefon qiladi.
O‘quv binosidan 3 yil foydalanilmagan, shuning uchun ta’mirtalab ahvolda ekan. Qisqa muddatda auditoriyalar, yotoqxona, sport zal, faollar zali va oshxona institut tomonidan ta’mirlandi. Hozircha ta’lim olish va yashash uchun binoning yetarli qismi ta’mirdan chiqqan: devorlar ranglangan, eshiklar yangisiga almashtirilgan, zinalarga marmar plitalar yotqizilgan, derazalarga zamonaviy pardalar osilgan. Binoning qolgan qismida ta’mirlash ishlari davom etyapti. O‘quv xonalarida isitish batareyalari ishlab turibdi, xonalar issiq. Har bir xonaga kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Shuningdek, fakultetda kompyuter xonasi tashkil etilgan bo‘lib, ularni internet tarmog‘iga ulash uchun wi-fi qurilmasi o‘rnatilgan.
- Bundan tashqari, aholining talabi bilan maktab o‘quvchilari uchun til o‘rgatish markazi ham ochdik, – deydi fakultet dekani. - Tushlikdan so‘ng atrofimizdagi ikkita maktabdan o‘quvchilar rus, ingliz, nemis, fransuz tillarini o‘rganishga keladi. Shuningdek, markazimizda tabiiy va aniq fanlardan ham dars mashg‘ulotlari o‘tiladi. Bundan ota-onalar juda xursand. Ammo payariqliklarning hammasi tumanda xorijiy tillar fakulteti ochilganidan xabardor emas. Ko‘pincha ko‘chadagi odamlar “Rostdan ham bizda fakultet ochildimi?”, deb so‘rashyapti. Nasib bo‘lsa, kelgusi yildan fakultetimizda payariqliklar soni yanada oshadi. Hozircha bizda 11 nafar payariqlik yoshlar ta’lim olyapti. Aslida bu ham yomon natija emas.
Muhimi, fakultetda dars beradigan o‘qituvchilarning 4 nafari Samarqand davlat chet tillar institutining o‘qituvchilari, ular shahardan qatnab ishlaydi, qolgan 6 nafari tumandan saralab olingan tajribali pedagoglardir.
Aytgancha, yaqin atrofda do‘kon bo‘lmagani sababli fakultet binosida qalam, daftar, qog‘oz sotiladigan do‘koncha ham tashkil etilgan. Shuningdek, tadbirkor tomonidan oshxona ham ishga tushirilgan bo‘lib, u yerda milliy taomlar shahar bahosidan ancha arzon narxda tayyorlanyapti.
Xurshida Ernazarova.
***
Ushbu maqola Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.