Payariqlik fuqaroning 12 millon so‘mlik pirotexnik vositalarni pullamoqchi bo‘lgani aniqlandi
Mamlakatimizda pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, mamlakatimizga olib kirish, tashish, saqlash va sotish taqiqlangan. Ayniqsa, bu matoh favqulodda hodisalar, jumladan, yong‘in keltirib chiqarishi, odamlarga og‘ir jarohat yetkazishi mumkin.
Shuni aytish lozimki, yaqinlashayotgan qish mavsumida, qolaversa, yangi yil bayrami arafasida pirotexnika vositalaridan foydalanmaslik sodir bo‘ladigan ko‘plab noxushliklarning oldini oladi. Bunda huquq-tartibot idoralari xodimlari qatorida har bir ota-ona, mahalla-ko‘y, ta’lim muassasalari mutasaddilari birdek mas’ul.
Kecha Samarqandlik bojxonachilar pirotexnika vositalarini ko‘cha-ko‘yda pullash bilan bog‘liq noqonuniy holatlarning oldini olish maqsadida Samarqand shahridagi Rudakiy ko‘chasida tezkor tadbir o‘tkazdi.
Tadbir davomida “Neksiya” rusumli avtomoshinaning yukxonasidan fuqaro Sh.B.ga tegishli, qiymati 12 million so‘mdan ziyod 9 turdagi 7 766 dona Qirg‘iziston Respublikasida ishlab chiqarilgan pirotexnika vositalari borligi aniqlandi hamda daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Payariq tumani Chelak shahrida yashovchi fuqaro Sh.B. mazkur pirotexnika vositalarini pullash maqsadida Samarqand shahriga olib kelgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan dastlabki bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, mamlakatimizga olib kirish, tashish, saqlash va sotish harakatlari uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185(1)-moddasi hamda Jinoyat kodeksining 250(1)-moddasida tegishli javobgarlik va jazo choralari belgilangan.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.