Payariqlik g‘allakorlar davlatga 33 ming tonnadan ortiq g‘alla sotdi

Payariq tumani dehqonlari joriy yilda 17,4 ming gektar maydonda g‘alla yetishtirib, el xirmoniga 33,6 ming tonnadan ortiq sara don yetkazib berdilar. Hozirda suvli maydonlarda o‘rim deyarli yakunlangan bo‘lishiga qaramasdan, lalmi maydonlarda o‘rim-yig‘im ishlari avjida.

Jumladan, tumanning G‘allakor mahallasi tog‘li hudud hisoblansa-da, bu yilgi yog‘igarchiliklar tufayli bu maydonlarda g‘alla hosili baravj rivojlandi. Fermer xo‘jaliklari lalmi maydonga ekilgan g‘allaning har gektaridan 20 sentnerdan oshirib hosil olishmoqda.

Jumladan, “Besh torom Sh.M” fermer xo‘jaligi 70 gektar lalmi maydonning har gektaridan 22 sentnerdan hosil olishdi.

- Tog‘li hududda mehnat qilish, xalqimiz rizqini avaylash mashaqqatli va sharafli ishlardan biri, - deydi “Besh torom Sh.M” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Elyor Shakarov. – Lekin suv yo‘q joyda bir nihol o‘stirish ham osonmas. Shukurki bu yil bahor yaxshi keldi. Shu bois, tog‘li hududda ekinlarning hosili yaxshi bo‘ldi.

Shirinboy MAMADALIYeV.