Payariqlik MIB mutasaddisining xodimlarni haqoratlagani bo‘yicha xizmat tekshiruvi boshlandi
Bugun, 9 oktyabr ijtimoiy tarmoqlarda “MIBchilar o‘z boshlig‘ining og‘zi shaloqligidan arz qildi” mazmunida xabarlar tarqaldi.
Xabarlarda Majburiy ijro byurosining Payariq tumani bo‘limi boshlig‘ining xodimlarni belgilanmagan rejani bajarmagani uchun nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgani bayon qilingan.
O‘rganishlarda ma’lum bo‘lishicha, Byuroning Payariq tumani bo‘limi boshlig‘i Z.Qosimov joriy yilning 15 sentyabr kuni soat 21:00 lar atrofida bo‘lim binosida 33 nafar davlat inspektorlari bilan aholi va ulgurji tashkilotlardan energiya resurslari va suv iste’molidan bo‘lgan undiruvlarning ahvoli yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgan.
Yig‘ilishda bo‘lim boshlig‘i ayrim xodimlarning belgilangan undiruv rejalarini bajarmaganligini vaj qilib, davlat inspektorlarini har xil nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgani aniqlandi.
Mazkur holat bo‘limning ayrim xodimlari tomonidan uyali telefon orqali videoyozuvga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga yuborilgani ma’lum bo‘ldi.
Olib borilgan tekshiruvlar natijasida Byuroning Payariq tumani bo‘limi boshlig‘i Z.Qosimov sodir etgan nomunosib xatti-harakatlari uchun bo‘lim xodimlaridan kechirim so‘radi.
Hozirda “Z.Qosimov ishi” yuzasidan xizmat tekshiruvi amalga oshirilmoqda.
Tekshiruv natijalari qo‘shimcha ma’lum qilinadi.
Majburiy ijro byurosi.