Portlatilgan maqbara yoki Nuriddin Basir yodgorligi haqida so‘z
Amir Temur tariqat pirlari va buyuk shaxslarga g‘oyat hurmat-e’tibor bilan qaragan, ularning sharafiga maqbara-yu masjidlar bino ettirgan. Yassida Xoja Ahmad Yassaviy, Samarqandda Mir Sayyid Baraka, Burhoniddin Sog‘arjiy xotirasiga tiklangan me’moriy yodgorliklar shular jumlasidandir.
Sohibqiron e’tiqod qo‘ygan va muborak xotirasini yod etib maqbara kurdirgan zotlardan yana biri shayx Nuriddin Basir hazratlari edi. U kishiga atab qurdirilgan me’moriy obida Amir Temur farmoyishi bilan bunyod etilib, Sohibqironning Ark ichida, Registon tarafga qaragan darvozasi va devori yonida qurilgan. Ammo u bugungi kunga qadar saqlanib qolmagan.
Asli nujkentlik bo‘lgan Nuriddin Basir Toshkent shahriga yaqin Quyi Orifon mavzesida istiqomat qilgan mashhur shayx Zayniddin Suxrovardiydan (XIII asrning iskinchi yarmida yashab o‘tgan) tarbiya oladi. Nuriddin Basir shayxlik maqomiga yetgach, pirining taklifi bilan Samarqandga ko‘chib kelib, Navodon bulog‘i yoqasida joylashgan Masjidi Kabud (Ko‘k masjid)da o‘rnashadi va shayxlik qiladi. U kishi tariqatda "jahriya", ya’ni tovush chiqarib zikr tushish yo‘lini tutgan. Yoshlikdan onadan ko‘zi ojiz tug‘ilib, "Basir" laqabini olgan. U murshidi shayx Zayniddin tarbiyati ostida avliyo darajasiga ko‘tarilib, yuksak maqomga yetadi. U kishidan “Sizning zamonangizda qutb (avliyo mualliflar) kimdir?" deb so‘raganlarida, u zot: "Birodarim Abdullo o‘n uchinchi qutbdir, men esa o‘n to‘rtinchiman", deya javob bergan va shu bois xalq orasida "Qutbi chordahum" sifatida tanilgan.
Suxrovardiya ta’limotining davomchisi Nuriddin Basir 1342 yilda vafot etadi. Shayxni vasiyatiga ko‘ra, Navodon bulog‘i yonida dafn etadilar.
Sohibqiron hazratlari ne sabab bilan shayx Nuriddin Basirga atab maqbara bunyod ettirdi? Birinchidan, Amir Temur islom va tasavvuf akobirlariga katta e’tiqod va ixlos bilan qaragan. Ikkinchidan, Nuriddin Basir ham o‘z davrining buyuk allomasi ediki, u zotning karomatini hazrat Amir Temur ko‘p bor eshitgan. Chunonchi, shayx Nuriddin Basir Samarqand fuqarosi va podshohlarini doimo dinu ma’rifatga va diyonatga da’vat etgan. Bu xususda Abul Hakimi Samarqandiyning (XIX asr oxiri na XX asr boshida yashab o‘tgan) "Qandiya" asarida talaygina naqllar keltirilgan. Ushbu asarda va Abu Tohirxojaning "Samariya" asarida yozilishicha, Amir Temur shayxzoda Abu Sayyid bin hazrati shayx Burhoniddin Sog‘orjiydan ishlarining oldinga ketishini tilab yordam so‘raganida u kishi shayx Nuriddin Basir qabrini ziyorat qilishni buyurgan ekan. Shayxzoda Abu Sayyid maslahatiga ko‘ra, hazrat Amir Temur Nuriddin Basir mozorini ziyorat qilgan va ul zotning muborak hokini Samarqand arki hududiga kiritib, qabri ustiga go‘zal va mahobatli bir maqbara soldirgan, gumbazi ustiga esa oltin qubba o‘rnatgan ekan. Ma’lumki, Samarqand arki va ark devorlarining qurilishi XIV asrning 70-yillariga to‘g‘ri keladi. Shunga asoslanib, Galina Pugachenkova Nuriddin Basir maqbarasi 1371-1372 yillar mobaynida qurilgan, deb xulosa chiqaradi.
Maqbara binosi tashqi jihatdan Amir Temur bunyod ettirgan boshqa obidalarga o‘xshaydi. Ushbu yodgorlik 1881 yilga qadar saqlangan. Samarqandni 1868 yilda Chor Rossiyasi bosib olganidan so‘ng, ular Amir Temurning Ark qal’asidan istehkom o‘rnida foydalangan va bu yerda mudofaa manfaatlariga moslab talay qayta qurishlarni amalga oshirgan. Chamasi, maqbara o‘rnashgan joy ana shunday safarbarlik ishlarini bajarishda rus korchalonlariga xalaqit bergan. Galina Pugachenkovaning ta’kidlashicha, o‘shanda shayxning qabri mahalliy dindorlar bilan kelishilgan holda Afrosiyobga ko‘chiriladi. Maqbara esa portlatilib, g‘ishtlari buzilgach, Ark qal’a devorlarini mustahkamlash va boshqa safarbarlik ishlari uchun foydalaniladi. Maqbarani dastlab uch pud (zaryad) bilan portlata olmaydilar. U shunchalik mustahkam qurilgan ekanki, uni batamom yakson qilish uchun o‘n pudlik porox zarur bo‘lgan.
Xo‘sh, maqbaraning me’moriy tuzilishi qanday bo‘lgan? Portlatishdan ilgari, 1878 yilda uning tarhi va balandligi o‘lchanib, chizma qilinadi. A.Kun "Turkiston albomi"ga kiritgan maqbaraning surati va boyagi chizmani binoning tarhi va bichimini professor H.Veselovskiy 1905 yilda nashr ettiradi.
Ana shu chizma va suratga asoslanib, maqbaraning me’moriy tuzilishi haqida tasavvur hosil qilish mumkin. Bundan tashqari, maqbaraning tashqi ko‘rinishini rus rassomi V.Vereshagin ham Samarqandda bo‘lgan kezlari asliga qarab chizgan. U chizgan ikkita suratning birida maqbara gumbazi, gumbazosti gardishi va bezaklari tasvirlangan. Bularning barchasi bir-birini to‘ldiradi.
Aytish mumkinki, maqbara binosini Sohibqiron Amir Temur me’moriy jihatdan o‘ta salobatli va mahobatli tarzda ishlatgan. Bino ancha salobatli bo‘lib, gumbazining tepasigacha 20 metrni tashkil etgan. Maqbara uzoq-uzoqdan ham ko‘zga tashlanib, shahar manzarasiga o‘ziga xos husn qo‘shib turgan. Maqbaraning sirtqi moviy gumbazi ostida bezakdor ichki gumbazi ham bo‘lgan. Shayx Nuriddinning onasi dafn etilgan maqbara va boshqa xonalar keyinchalik qo‘shilgan. Nuriddin Basir maqbarasi Amir Temur qurdirgan maqbaralar tarixida alohida o‘rin tutadi. Negaki, u Sohibqiron davrida Samarqandda bunyod etilgan ilk maqbaralardan biridir.
Shohi Zindada 1365-1386 yillarda qurdirilgan Shirinbeka oqa maqbarasi ham gumbazi va gardishining tuzilishi jihatidan Nuriddin Basir yodgorligiga o‘xshab ketadi. Biroq shayx maqbarasi bichimi jihatidan Shirinbeka oqa majmuasidan ancha yirik, gardishidagi bezaklari esa soddaroqdir. Umuman, Nuriddin Basir maqbarasi o‘sha davrda qurilgan Shohi Zinda yodgorlik majmualari (Shodimulk, Amirzoda, Shirinbeka oqa va boshqalar) bilan taqqoslab qaralsa, shayx maqbarasining me’moriy qurilishi o‘ziga xos ekani ayon bo‘ladi.
Qutbi chordahumni me’moriy jihatdan Amir Temur maqbarasining ibtidosi deb ham qarash mumkin. Chunki Amir Temur maqbarasi shayx maqbarasidan o‘lchami va shakli jihatidan salobatliroqdir. Uning asosiy me’moriy hajmi kubli emas, sakkiz qirralikdir. Ustidagi gardishi va toq gumbazi esa Qutbi chordahumnikiga nisbatan ancha uyg‘un va nafis o‘lchamlarda ishlangan. Biroq gardishdagi yirik kufiy yozuvi va girix naqshlar shayx maqbarasiniki bilan o‘xshash.
Qutbi chordahum kompozitsion yechimi bilan shahardagi me’moriy ansambllarni shakllantirishda muhim o‘rin tutgan. Chunki Sohibqiron davrida Samarqandda bunyod etilgan uchta yirik maqbara - Qutbi chordahum, Ruhobod va Amir Temur kompozitsion jihatdan to‘g‘ri bir chiziq bo‘ylab joylashgan bo‘lib, ulardan Sohibqironning ruhiy va dunyoviy pirlari - Nuriddin Basir, Burhoniddin Sog‘arjiy va Mir Sayyid Baraka hoklari orom topgan edi. Bundan ko‘rinadiki, Amir Temur nafaqat piri Sayyid Baraka oyog‘i xoki poyida, balki Nuriddin Basir va Burhoniddin Sog‘arjiy kabi buyuk zotlar xoki turobidan ham quyiroqda yotmoqni murod etgan ekanlar. Amir Temur maqbarasining ana shu maqbaralardan eng so‘nggisi ekanini nazarda tutsak, Mir Sayyid Baraka vafotidan so‘ng ul zotning jismi zori Andxuydan keltirilib, Amir Temur maqbarasida dafn etilgani hamda Sohibqiron Amir Temur o‘zini ul hazratning oyog‘i uchiga dafn etilishini vasiyat qilgani zamirida nihoyatda katta ma’no yashiringanini fahmlab olamiz.
Nuriddin Basir maqbarasi Temur va temuriylar davrida nafaqat Samarqandning me’moriy va shaharsozlik tizimida, balki shahar ijtimoiy hayoti va ruhiy dunyosida ham muhim o‘rin tutgan. Agar u Chorizm istilosi davrida portlatilmasa edi, shubhasiz, to bugungi kungacha (Ruhobod, Amir Temur yodgorliklari kabi) Sohibqiron bobomizning ibrat maktabidan jonli bir namuna sifatida hikoya so‘zlab turardi. Afsuski, endi shaharliklar va sayyohlar uni Registondagi Tillakori masjid-madrasasi ichida tashkil etilgan ko‘rgazma zalida tomosha qilishi mumkin.
Samarqand viloyati hokimligining turizmni rivojlantirish departamentiga Nuriddin Basir maqbarasini o‘z tarixiy joyida, yuqoridagi ma’lumotlar asosida asliday qilib qayta tiklash taklifi kiritilgan. Bordi-yu, bu taklif mutasaddi tashkilotlar va mutaxassislar tomonidan ma’qullanib amalga oshsa, ushbu maqbarani sayyohlar uchun naturada tomosha qilish imkoniyati yaratiladi va Samarqand shahrining tarixiy muhiti yana bitta Temuriylar davri obidasiga boyiydi.
Axtam URALOV,
SamDAQI professori, me’morchilik fanlari doktori.