Portlenddagi namoyishchilar “Molotov kokteyllari” bilan politsiyaga hujum qildi

AQShning Portlend shahridagi namoyishchilar shisha ichiga solingan yonuvchi moddalar aralashmasi bilan politsiya xodimlariga hujum uyushtirdi. Bu haqda RIA Novosti nashri mahalliy politsiya axborotiga tayanib xabar berdi.

Namoyish 6 sentyabr kuni boshlandi, birozdan so‘ng shahar ma’muriyati uni isyon deb e’lon qildi.

“Odamlar “Molotov kokteyllarini” otishmoqda... Ichiga yonuvchi moddalar aralashmasi solingan shishalarni zobitlarga qarata otishdi... Politsiya hudud xavfsizligi uchun tinchlik va tartibni tiklashga o‘rinmoqda”, deyilgan politsiya xabarida.

Afroamerikalik Jorj Floyd hibsga olingan vaqtda politsiya qo‘lida jon berganidan so‘ng Portlend va AQShning boshqa shaharlarida, shuningdek, bir qator Yevropa davlatlarida ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Ko‘p hollarda namoyishlar tartibsizliklar bilan yakunlanmoqda.