Posbonlarning sergakligi tufayli bir oilaning hayoti saqlab qolindi
Andijon viloyati IIB PPX va JTSB JTSB bataloni xodimlari, safdorlar Muhammadjon Azimov va San’atbek Tojiboyev piyoda patrul naryadi tarkibida xizmat olib borayotganida tungi soat 2.00 bo‘lib qolgandi. Birdan naryad boshlig‘i safdor M.Azimov sherigiga yuzlandi:
– Sezyapsanmi, kuyindi hidi kelyapti?
– Balki xazon tutayotgandir? – taxmin qildi S.Tojiboyev.
Sergaklikni kuchaytirgan naryad yo‘lda davom etdi. Ichki sezgi osoyishtalik posbonlariga pand bermagan edi: Pushkin ko‘chasidagi 16-uyning panjara o‘rnatilgan derazasi darchasidan quyuq tutun buralab chiqardi.
– Ratsiya orqali navbatchilik qismiga xabar qil! – buyurdi safdor M.Azimov sherigiga, o‘zi esa darvozani taqillata boshladi. Eshikni hech kim ochmasdi. Bu orada safdor S.Tojiboyev PPX batalonining navbatchilik qismiga hodisa yuzasidan xabar qildi.
Osoyishtalik posbonlari eshikni bir amallab ochishga muvaffaq bo‘lishdi. Uyning hovlisi va asosiy imoratlar olov ichida qolgandi.
PPX xodimlari dadil harakat qilib, tutun bilan qoplangan hovliga kirishdi, tashqariga qaragan xonalarning eshiklarini taqillata boshlashdi. Shu payt bir yigitcha javob qaytardi.
– Nima bo‘ldi? – so‘radi u uyquli ko‘zlari bilan xizmat kiyimidagi xodimlarga hayratlanib qararkan.
– Uyingizda yong‘in sodir bo‘lgan, oilaning boshqa a’zolarini ham uyg‘oting!
Xodimlar sanoqli daqiqalar ichida ikki bolani tashqariga olib chiqishdi. Oilaning qolgan a’zolarini qutqarish maqsadida yonayotgan uyning hovlisiga qaytishga urinishdi. Ammo o‘tish yo‘lini ham alanga qoplab olgandi.
Vaqtni yo‘qotishning halokatli ekanini his qilgan xodimlar qo‘shnilarning eshigini taqillata boshladi. Ulardan narvon olib, gurillab yonayotgan uyga tom orqali oshib tushishdi. Osoyishtalik posbonlari yong‘in o‘chiruvchilar kelgunga qadar qo‘shni uyning tomiga tiralgan narvon orqali ikki nafar voyaga yetmagan bolani va er-xotinni qutqarishga ulgurishdi.
Hodisa joyiga yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar guruhi o‘n daqiqa ichida yong‘inni bartaraf etishdi. Xodimlarning aniq va professional darajada amalga oshirgan sa’y-harakatlari bilan barcha oila a’zolarining hayoti saqlab qolindi.
Osoyishtalik posbonlari o‘sha mushkul vaziyatda o‘z hayotlari haqida o‘ylamaganini, na sarosima, na qo‘rquvni his etishganini, muhimi, odamlarni qutqarish o‘yi bilan harakat qilganini ta’kidlashdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuz bergan yong‘in elektr tarmog‘idagi qisqa tutashuv oqibatida kelib chiqqani aniqlandi.
Xo‘sh, jasorat ko‘rsatgan qahramonlarimiz kimlar edi?
Safdor Muhammadjon Azimov Andijon tumanida tug‘ilgan. Andijon aloqa kasb-hunar kollejini tamomlab, ishlab chiqarish sohasida mehnat qilgan. 2015 yilda Andijon viloyati IIB PPX va JTSB PPX batalonida xizmatni boshlagan. U ustozi serjant Muzaffar Ochildiyevning ko‘magi bilan tajriba to‘pladi. Rafiqasi Bahridilxon bilan birgalikda ikki yoshli o‘g‘li Azizbekni tarbiyalamoqda.
Safdor San’atbek Tojiboyev Marhamat tumanida tavallud topgan. Ichki ishlar organlarida 2016 yildan buyon xizmat qiladi. U Qurolli Kuchlar safidan zaxiraga bo‘shatilgan otasining izidan borishni, harbiy bo‘lishni orzu qilardi.
Safdorlar M.Azimov va S.Tojiboyev yong‘in chog‘idagi o‘z harakatlarini qahramonlik deb hisoblashmaydi: «Insonlarga yordam berish burchimiz. O‘rnimizda bo‘lgan har qanday xodim shunday yo‘l tutgan bo‘lardi...».
Hikoyamiz qahramonlari – oddiy yigitlar, patrul-post xizmati batalonida ular kabi ko‘plab xodimlar faoliyat yuritadi.
– Bo‘linma shaxsiy tarkibi jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash bo‘yicha mas’uliyatli vazifalarni bajaradi, – deydi Andijon viloyati IIB PPX va JTSB boshlig‘i, podpolkovnik Muhammadjon Nishonov. – Yuqori darajadagi tayyorgarlik, kasbiy mahorat tufayli xodimlar o‘z zimmasidagi vazifalarni sharaf bilan ado etishmoqda.