«Prava»siz mashina haydashga va rulda telefondan foydalanishga ruxsat berilishi mumkin
Albatta, bu gapni eshitgandan keyin kishi xayolida turli fikrlar bo‘lishi tabiiy. Ammo mutaxassislar joriy etilishi mumkin bo‘lgan bu tartiblarning xavfsizlik tomonini hisobga olishgan.
Gap shundaki, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasida transport vositalari haydovchilariga qulayliklar yaratuvchi quyidagi yangiliklar ko‘zda tutilgan:
- haydovchilarga transport vositasini boshqarayotganda qo‘llarini ishlatmasdan muloqot qilish imkonini beruvchi minigarnituralar va boshqa texnik qurilmalar orqali telefondan foydalanish huquqi berilmoqda. Shuningdek, transport vositasini boshqarayotganda telefondan foydalanish huquqbuzarligini jazo qo‘llanilgandan so‘ng bir yil davomida takroran sodir etilgandagi kuchaytirilgan javobgarlik chorasi bekor qilinmoqda;
- avtomobil salonining old qismiga monitor (displey) o‘rnatganlik uchun ma’muriy javobgarlik bekor qilinmoqda;
- haydovchilarga, agarda ularning O‘zbekiston Respublikasida berilgan biometrik pasporti yoki ID-kartasi yonida bo‘lsa, transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni, texnika pasportini, sug‘urta polisini yonida olib yurmasdan transport vositasini boshqarish huquqi berilmoqda.
Bunda, ushbu hujjatlar mavjudligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xodimi tomonidan elektron tizim orqali transport vositasi to‘xtatilgan joyda mustaqil tekshiriladi. Mazkur yangilikni amaliyotga joriy qilish maqsadida Ichki ishlar vazirligiga kerakli integratsiya ishlarini 2021 yil 1 dekabrga qadar yakunlash vazifasi yuklatilmoqda.
Shuningdek, harakat tezligini o‘lchashda, tezlikni o‘lchaydigan maxsus qurilmalar tomonidan qayd etilgan tezlik ko‘rsatkichlaridan qurilmalar tomonidan yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan soatiga 5 kilometrlik nuqsonni ayirib tashlash bo‘yicha qoida joriy etilmoqda.