Press-tur: Samarqandda «Usta-shogird» an’anasi qanday yo‘lga qo‘yilgan?
"Hunarmand" uyushmasi viloyat boshqarmasi tashkil etgan press-turda shu savolga javob olindi.
Press-tur davomida jurnalist va blogerlar dastlab Samarqand shahridagi Bunyodkor mahallasida faoliyat yuritayotgan yog‘och o‘ymakori Mansur Asadov ustaxonasida bo‘lib, bu yerdagi ish jarayonlar bilan tanishdi.
Oddiy yog‘ochdan bejirim buyumlar yasayotgan hunarmand va «Usta-shogird» an’anasi asosida ushbu hunar sirlarini o‘rganayotgan yoshlar ishi press-tur ishtirokchilarining e’tiborini tortdi.
- Ayni kunda ustaxonamizda 12 nafar shogirdlarim yog‘och o‘ymakorligining 10 dan ortiq turi bo‘yicha mahsulotlar yasayapti, - deydi tajribali hunarmand Mansur Asadov. – Shogirdlarimning “Usta-shogird” an’anasi asosida yasayotgan xontaxta, shaxmat doskasi, ayvon, eshik kabi yog‘och o‘ymakorligi mahsulotlariga ko‘pchilik hozirdanoq xaridor. Hatto ular shu yerning o‘zida sayyohlarga mahorat darslari ham o‘tmoqda.
“Hunarmand” uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Umid Hakimovning ta’kidlashicha, ayni kunda uyushmaga 2800 nafardan ziyod hunarmand a’zo. Ularning shogirdlari esa 4700 nafardan ko‘p. Uyushmada 181 nafar hunarmandchilik bilan shug‘ullanayotgan turli millat vakillari ham bo‘lib, “Usta-shogird” an’anasi asosida ularga 215 nafardan ortiq ishsiz va band bo‘lmagan aholi hamda hunarmandchilikka qiziquvchi fuqarolar biriktirilgan.