Prezident maktablarining birinchisi Toshkentda ochildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 sentyabr kuni Toshkent shahridagi Prezident maktabiga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Poytaxtdagi Prezident maktabi 168 o‘ringa mo‘ljallangan. Maktab binosi va yotoqxona, 15 o‘rinli o‘qituvchilar mehmonxonasi yuksak darajada bunyod etildi.
Joriy yilda maktabning 5-10-sinflari uchun hujjat topshirgan 7 mingga yaqin o‘quvchidan 144 nafari o‘qishga qabul qilindi. Kanadaning “Teachaway” va Buyuk Britaniyaning “TIC Recruitment” rekruting kompaniyalari bilan hamkorlikda maktabga 30 nafar chet ellik mutaxassis tanlab olindi. Shuningdek, 72 nafar tajribali va malakali mahalliy o‘qituvchi ham jalb qilindi. Ta’limda STEAM yondashuviga oid darslik va o‘quv qo‘llanmalari olib kelindi.
Shavkat Mirziyoyev maktabning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi, maktabning ilk o‘quvchi va o‘qituvchilari bilan suratga tushdi. Maktabda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.