Prezident tomonidan o‘zbek ayolining qadrini, qaddini tiklash yo‘lidagi 7 haqiqat

Farzandini dunyoga keltirgan ona ming bir mashaqqat bilan go‘dagini kindigini kesgan ekan. Demak, yer yuzidagi birinchi shifokor bu - ayol. Hali maktablar, o‘qituvchilar paydo bo‘lmasdan burun bolasiga Vatan so‘zini onalar o‘rgatgan. Demak, sayyoramizdagi ilk muallim bu – ayol. Yurtni yov bosganida onalarimiz qo‘liga qurol olib, jang maydoniga otlangan. Demak, ko‘hna dunyoda ilk Vatan himoyachisi ham bu – ayol. Bolasiga alla aytgan ona bu birinchi shoir, ilk qo‘shiqchi...

Quyoshsiz gullar ochilmaydi. Sevgisiz baxt yo‘q. Ayolsiz shoir ham, qahramon ham bo‘lmaydi. Ayol millat tarbiyachisi. Qarang, ayolning zimmasiga Yaratganning O‘zi qanday ulkan mas’uliyat yuklagan. Qanday sharafli vazifa bilan mukofotlagan. Farzandni dunyoga keltirishdan boshlab, barcha-barchasi ayollarimiz zimmasida. Buyuk farzandlarni buyuk onalar tarbiyalaydi.

Bir haqiqatni unutmasligimiz kerak. Onaga bo‘lgan munosabatimiz bu millat kelajagiga bo‘lgan e’tiborimizdir. Ayolga ehtirom, bu ertani e’zozlashdir. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruviga kelgan 2016 yildan boshlab, O‘zbekistonda xotin-qizlarga oid davlat siyosati butunlay o‘zgardi. Yangilandi. Isloh etildi. Bu quyidagilarda yaqqol namoyon bo‘ladi:

Birinchidan, ayolning yelkasidagi hatto erkaklar ham ko‘tara olmaydigan yuklar olib tashlandi. Majburiy mehnatga butunlay barham berildi. Hech kimga sir emas, ta’lim va tibbiyot muassasalarida, barcha byudjet tashkilotlarida asosan xotin-qizlar ishlaydi. Ularning umri paxta, g‘alla dalalarida, hasharlarda va boshqa o‘zlariga aloqador bo‘lmagan, haq to‘lanmaydigan yumushlarni bajarish bilan o‘tardi. Eh, bu azoblarga, mashaqqatlarga, xo‘rliklarga chidash uchun bardoshni, kuchni qayerdan olding ayol?

Keyingi besh yilda majburiy mehnat atamasi tarixga aylandi. Ayolga ayollik nazokati, nafosati qaytarildi. Bu salkam bir asrlik muammoni bartaraf etilishi edi.

Ikkinchidan, jamiyatda ayolga bo‘lgan munosabat o‘zgardi. To‘g‘risini aytganda, o‘tgan davrda ayolni hech kim eshitmas, hisoblashmas, ayolning qadr-qimmati borgan sari yo‘qolib borayotgan edi. Bu bo‘hron agar shunday davom etganida, jamiyatning yovvoyilashishiga olib kelar edi. Mamlakatda xotin-qizlar haq-huquqini himoya qiladigan butunlay yangi tizim yaratildi. Onaga bo‘lgan salbiy, g‘ayriinsoniy qarashlarga chek qo‘yildi. Jamiyat ayol bilan hisob-kitob qila boshladi. Mustaqilligimizning keyingi besh yili o‘zbek ayolining qaddini tiklash yili bo‘ldi.

Uchinchidan, onalik va bolalikni muhofaza qilish haqidagi absurd qarashlarimiz o‘rnini hayotbaxsh islohotlar egalladi. Tibbiyotdagi, jamiki, o‘zgarishlar zamirida aslida ona va bola muhofazasi yotibdi. Shifoxonalar, tug‘ruq komplekslari, bolalar ixtisoslashgan tibbiyot muassasalari qiyofasi ham, mazmuni ham butunlay o‘zgartirildi. Qog‘ozdagi safsatalar o‘rnini haqiqiy yangiliklar egalladi. Tom ma’noda davlat onani ham, bolani ham o‘z muhofazasiga oldi.

To‘rtinchidan, xotin-qizlarning bilimi va qobiliyatiga noxolis, nopisand qarash, ularni turli rahbarlik lavozimlariga qo‘yilishidagi to‘siqlarga barham berildi. Xotin-qizlarimiz Oliy Majlis Senati raisi, tuman va shahar hokimi, prokuror va sud, boshqarma boshlig‘i, rektor, prorektor, deputat va senatorlik o‘rinlarini egalladi. Buning natijasida jamiyatda adolat ustuvorligi ta’minlanmoqda. Manfaatlar muvozanati barqarorlashmoqda.

Beshinchidan, o‘zbek ayoliga millat tarbiyachisi maqomi qaytarildi. Oliy ma’lumotli, ziyoli, olim, ijodkor ayollarimiz safi kengaymoqda. Xotin-qizlarning bilim olishi, o‘z iqtidorini namoyish qilishi uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochildi. Birgina oliy ta’lim tizimida sirtqi, kechki bo‘limlarning ochilishi, avvalo, oilali ayollar uchun juda qulaydir. Shuningdek, yoshlar, ayollar daftariga kiritilgan xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli qabul qilish ishlari ham ayni muddaodir. Bundan tashqari, olim ayollarni har tomonlama ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash ishlari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Oltinchidan, ishsiz ayollar uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi, band bo‘lmagan ayollarni uy sharoitida band qilish, faqat ayollar uchun ish o‘rinlari yaratilishi, qishloqqa sanoatni kirib kelishi ijtimoiy-siyosiy hayotimizda juda katta voqeadir. Bu, eng avvalo, ayolning turmush o‘rtog‘iga, bolalariga yoki boshqalarga mute bo‘lishining oldini oladi. Yaxshi yashashini, sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishini, moddiy jihatdan hech kimga qaram bo‘lmasligini kafolatlaydi.

Yettinchidan, tirikchilik vajidan jinoyat ko‘chasiga kirgan xotin-qizlar taqdiri eng og‘riqli nuqtamiz edi. Avvalo, hech kim o‘ylamasdiki, nima uchun ayol jinoyat qildi? Bu qabohatga ayolni nima majbur qildi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, nazarimizdagi “jinoyatchi ayol”ni bu yo‘lga kirishiga, avvalo, jamiyat, qolaversa, atrofdagilar bosh aybdordir. Bugun bu fikrlarni qo‘rqmasdan, mas’uliyatni his etgan holda bildiryapmiz. Boquvchisini yo‘qotgan, bir uy bolalari bilan yolg‘iz qolgan, ishsiz, himoyasiz ayol nima qilishi kerak? Uning murojaatlarini hech kim eshitmasdi. Dodini tinglaydigan odam yo‘q edi. Ilojsizlik irodani ham, bardoshni ham sindiradi. Ayol jinoyat qiladi. Uzoq yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Qarovsiz qolgan bolalardan esa yana jinoyatchilar yetishib chiqadi.

Bir ulug‘ inson aytgan edi: "Ayollar qamoqxonasining borligiga birinchi navbatda jamiyat aybdor". 2016 yildan boshlab, ayollar qamoqxonalarida yotgan mahkumlar ishi qaytadan ko‘rib chiqildi. Sayyor sudlar o‘tkazildi. Oddiy ayblar bilan uzoq muddatlarga qamalgan ayollar oila bag‘riga qaytarildi. Ularga tuzalish, xatosidan xulosa chiqarish imkoniyati berildi. O‘zbekistonda ayollar o‘rtasidagi jinoyatlarga ijtimoiy jihatdan qarash, baho berish tamoyili yaratildi. Qamoqxonalardan chiqib kelgan ayollarni ijtimoiy muhofazasi ta’minlandi. Moddiy yordam ko‘rsatildi. Jamiyat o‘zining jarohatlariga malham qo‘ydi...

Biz O‘zbekistonda xotin-qizlar borasida keyingi besh yilda qilingan ishlardan faqat ba’zi birlarini sanab o‘tdik. Bu aslida dengizdan bir tomchi. 

Millat tarbiyachisi bo‘lgan o‘zbek ayoliga o‘z mavqeini qaytgani muborak bo‘lsin!

Sharofat To‘xliyeva,

SamDU rektori maslahatchisi, universitetning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha kengash raisi, dotsent.

Nazmiya Muhiddinova,

dotsent.