Prezident topshirig‘i Samarqandda qanday samara beradi?
Prezidentimiz joriy yil 20 avgust kuni mamlakatimiz tadbirkor va ishbilarmonlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdagi nutqida kelgusi yil 1 yanvardan qiymati 200 milliard so‘mga teng loyihalar bo‘yicha tashqi muhandislik infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalarni hal etish to‘liq davlatning zimmasida bo‘lishini aytib o‘tdi.
Bu borada tashabbus, topshiriq Samarqand iqtisodiyotiga, hududdagi tadbirkorlarga qanday naf keltiradi?
Hozirda qiymati 200 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan Samarqand, Jomboy, Past Darg‘om, Narpay, Urgut, Toyloq va Nurobod tumanlari, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida umumiy qiymati 8 trillion 378 milliard so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirilishi hisobiga 14 ta yirik ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur ishlab chiqarish korxonalarini ishga tushirish uchun dastlabki hisob-kitoblarga asosan 103,1 milliard so‘m mablag‘lar hisobidan 37,6 kilometr elektr tarmoqlari, 84 kilometr tabiiy gaz, 35,9 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari va 23,8 kilometr avtomobil yo‘llarini qurish ko‘zda tutilmoqda.
Yuqorida qayd qilingan korxonalar ishga tushirilishi natijasida 4740 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, 1 trillion 256 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi va qo‘shimcha 150,8 milliard so‘m byudjet tushumi ta’minlanadi.
Ma’lumot uchun, Nurobod, Jomboy, Samarqand tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shaharida umumiy qiymati 3,9 trillion so‘mlik 4 ta yirik ishlab chiqarish loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tizimlari bilan ta’minlash uchun respublika byudjetidan 45,6 milliard so‘m miqdorida byudjet mablag‘lari ajratiladi. Mazkur mablag‘lar hisobidan 29,5 kilometr tabiiy gaz hamda 25,4 kilometr elektr tarmoqlari, 14,1 kilometr suv va kanalizatsiya tarmoqlari hamda 9,5 kilometr yo‘l infratuzilma ob’yektlarida qurilish va ta’mirlash ishlari olib boriladi. Ayni paytda ushbu korxonalarni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha bosh loyiha tashkilotlari tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, viloyatdagi 14 ta tuman va shaharlarning 18 ta hududida maydoni 560 gektardan iborat erkin iqtisodiy zona filiallarini tashkil etish takliflari ishlab chiqildi.
Ushbu filiallarni tashqi muhandislik infratuzilmasi bilan ta’minlash uchun 416,5 milliard so‘m hisobidan 53 kilometr avtomobil yo‘llari, 70,5 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, 24 ta suv inshooti, 53 kilometr oqova suv tarmog‘i, 10 ta suv tozalash inshooti, 52 kilometr elektr tarmoqlari, 31 ta transformator, 161,8 kilometr tabiiy gaz, 28 ta gaz taqsimlash punkti, 55 kilometr optik tolali aloqa tarmoqlarini qurish ko‘zda tutilgan. Natijada 120 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilib, byudjetga qo‘shimcha 15 milliard so‘m soliq tushumlari va 15 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
Barcha tuman va shaharlarda maydoni 210 gektardan iborat 88 ta yangi kichik sanoat zonalari tashkil etilib, o‘rtacha 893 ta lotlarda qiymati 223,1 milliard so‘mlik 797 ta loyihalarni joylashtirish imkoniyati yaratiladi.
Ushbu kichik sanoat zonalarini tashqi muhandislik infratuzilma bilan ta’minlash uchun dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 119,5 kilometr elektr energiyasi, 82,2 kilometr avtoyo‘l tarmog‘i tortish, 21,3 kilometr gaz quvurlari, 173,2 kilometr ichimlik suvi quvurlari tortish hamda qurilish ishlari uchun 247,4 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.
Qayd qilingan loyihalarning ishga tushirilishi natijasida 4 463 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilib, yillik 446,3 milliard so‘mdan ortiq mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Umuman, joriy yilda viloyatimizda 1 159,2 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 309 ta transformator punktlarida yangidan qurish va rekonstruksiya ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, 3 dona yangi podstansiya qurish, 2 dona podstansiyaning quvvatini oshirish, 14 dona podstansiyalarni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun joriy yilda 162,8 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, keyingi yilda Nurobodda davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida quvvati 100 mVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi va Past Darg‘omda quvvati 600 mVt bo‘lgan ko‘mir yoqilg‘isida ishlaydigan issiqlik elektr stansiyasini qurish rejalashtirilgan.