Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zladi
Samarqand shahridagi "Hunarmandlar markazi"da shu nomli tadbir bo‘lib o‘tdi.
"Hunarmand" uyushmasi viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda boshqarma xodimlari, usta-hunarmandlar ishtirok etdi va Prezidentimizning 23 sentyabr kuni BMT minbarida o‘zbek tilida nutq so‘zlagani, unda Sh.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan masala va takliflar o‘rganildi.
- Prezidentimizning oliy minbardan turib o‘zbek tilida nutq so‘zlagani kimlar uchundir ahamiyatsizdir, biroq biz,
o‘zbekistonliklar uchun faxr, - deydi boshqarma boshligi Umid Hakimov. - Siyosatdan va ilmu fandan chetlashtirib tashlangan, kamsitilgan ona tilimizning jahon sahnasida jaranglashi chin ma’noda tarixiy voqea bo‘ldi. Bundan har bir o‘zbek g‘ururlansa arziydi. Kolaversa, davlatimiz rahbari tomonidan 2019 yil 21 oktyabr kuni «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» Farmon qabul qilindi. Unga binoan 21 oktyabr sanasi yurtimizda «O‘zbek tili bayrami kuni» deb belgilandi. Prezidentimizning BMT minbarida o‘zbek tilida so‘zlagan nutqi esa ushbu bayramning boshlanishi, debochasi deyish mumkin.
Tadbir davomida hunarmandlar BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan eng muhim jihatlarni e’tirof etishdi. Xususan, 2021 yilda YuNESKO bilan hamkorlikda Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” degan mavzuda xalqaro forumni o‘tkazish, BMT huzurida afg‘on xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e’lon qilish haqida BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish xamda qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash va ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammitni o‘tkazish kabi Prezident takliflari haqida tadbir ishtirokchilari o‘zaro fikr yuritdilar.
Baxtiyor Botirov.