Prezidentimiz ma’ruzasidagi Senat va senatorlar haqidagi achchiq va haqqoniy fikrlar bizni fidoyilik bilan ishlashga da’vat etadi

Oliy Majlis Senatining har bir yalpi majlisidan juda katta taassurot bilan qaytaman. Muhokama etilgan har bir masala, ma’qullangan qonunlar haqida mahalliy kengashdagi deputatlar, aholiga aytib berishga oshiqaman.

Parlament yuqori palatasining yigirmanchi yalpi majlisidan so‘ng qalbimdagi bunday kechinmalar o‘n chandon, yuz chandon oshdi. Bu avvalo, majlisda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ishtirok etishi va mamlakatimizda parlamentarizmini rivojlantirish, Senatning davlatimiz va xalqimiz hayotidagi rolini oshirish bo‘yicha qimmatli fikrlarni bildirgani bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi tarixida ilk bor Oliy Majlis Senatiga ayol kishining rais etib saylanganidan qalbimiz cheksiz faxr va g‘ururga to‘lganidan.

Bundan avval ham ikki marta Prezidentimizning parlamentga murojaatnomasini tinglab, mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini oshirishda oldimizda qanday ulkan vazifa va maqsadlar qo‘yilganini anglagandik. Ammo, kechagi ma’ruza, Senat va senatorlar haqidagi, ta’bir joiz bo‘lsa, achchiq va haqqoniy fikrlar bizni yangicha kuch-g‘ayrat bilan, fidoyilik va tashabbuskorlik ko‘rsatib ishlashga da’vat etdi. Chunki, davlatimiz rahbari Senatning qonunchilik faoliyatida, ishni to‘g‘ri tashkil qilishda talabchanlik va jonkuyarlik, tashabbuskorlik va izchillik yetishmayotgani, parlament nazoratiga oid vakolatlarimizdan to‘liq foydalanmayotganimiz, hududiy vakillik palatasi bo‘la turib, hududlarning manfaatlarini himoya qilishda talab darajasida ishlamayotganimiz va mahalliy kengashlar bilan amaliy hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganini qayd etdi. Shuningdek, Senatning xalqaro hamkorligini ham kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Albatta, ushbu fikrlardan kelib chiqib, kunning ikkinchi yarmida davom etgan yalpi majlisdagi masalalar muhokamasida faol qatnashishga harakat qildik. Shuningdek, har bir qo‘mita Prezidentimiz nutqi asosida o‘z rejalarini qayta ko‘rib chiqadigan, vazifalarni belgilab oladigan bo‘ldi. Har birimiz senatorlik vakolatimiz sharaf va mas’uliyatini teran his qilib ishlashimiz kerakligini angladik.

O‘tgan majlisning eng muhim tarixiy ahamiyati – davlatimiz rahbarining yurtimizda xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlashga yana bir bor alohida e’tibor qaratib, bu borada muhim qonunchilik tashabbuslarini ilgari surishi bo‘ldi. Bu fikrlarning amaliy ifodasi sifatida Oliy Majlis Senati raisligiga tajribali va jonkuyar rahbar, yurtimiz xotin-qizlarining faol himoyachisiga aylangan Tanzila Norboyeva nomzodining ko‘rsatilishi ham Prezidentimizning xotin-qizlarga qanchalik katta ishonch bildirishini ko‘rsatdi.

Bundan tashqari, Oliy Majlis Senatida ilk bor mutlaqo yangi tuzilma – Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha qo‘mita tuzishni taklif qilganlari ham barchamiz uchun kutilmagan, ammo ayni vaqtda nihoyatda muhim tashabbus bo‘ldi.

Ana shu unutilmas taassurotlar, hayajonlar bilan Samarqandga kelib, ikki kundan buyon qalbimni to‘ldirgan, to‘lqinlantirayotgan fikrlarni ko‘pchilik bilan baham ko‘rgim keldi.

Zaynab BERDIYeVA,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi,

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 20-umumta’lim maktabi direktori.