Prezidentimiz savolga o‘rin qoldirmadi

20 avgust kuni Prezidentimizning yurtimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqotida “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyidan ishtirok etish nasib etdi.

Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan uchrashishi, bizning dardimiz, taklif va istaklarimizni eshitishi haqida ancha oldin xabar berilgani uchun bu muloqotga har birimiz tayyorgarlik ko‘rdik, aytar so‘zlarimizni ko‘nglimizdan o‘tkazdik.

Uchrashuvgacha savol va takliflar, muammolar, murojaatlar qabul qilinib, har bir masalaga yechim topish bo‘yicha sa’y-harakatlar bo‘lganini ham ko‘rdik. Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyati tadbirkorlaridan tushgan mingdan ortiq muammolarning asosiy qismi uchrashuvgacha hal etildi. Muloqotdan bir hafta oldin esa Bosh vazir o‘rinbosari S.Umurzoqov Samarqandga kelib, tadbirkorlar bilan uchrashdi, takliflarimizni eshitdi.

Men ham o‘z faoliyatim davomida duch kelayotgan muammolar, munozarali masalalar yuzasidan takliflarimni aytgan edim, inobatga olindi.

Davlatimiz rahbarining ma’ruzalari ham aynan tadbirkorlar tomonidan bildirilgan takliflar, muammolarga yechim topish haqida bo‘ldi. Eng dolzarb muammolar tizimlashtirilib, ularni hal etishga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturida biz kutganimizdan ham ko‘p masalalarga yechim bo‘ldi.

Kredit masalasini olaylik. Bugun tadbirkorni o‘ylantiradigan masalalardan eng kattasi bu – xorijiy valyutada kredit olib, unga katta summada foiz to‘lash. Mazkur holat har qanday ishbilarmonni, ayniqsa, u yangi ish boshlayotgan bo‘lsa, qiyin ahvolga solib qo‘yadi. Shuning uchun Prezidentimiz banklar chetdan resursni qanday valyutada jalb etishidan qat’i nazar, tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta – “so‘m”da va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yo‘lga qo‘yilishini aytishi biz uchun juda katta imkoniyat bo‘ldi.

Soliq hisobotlarini kechiktirib topshirish bilan bog‘liq moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi bekor qilinishi ham ko‘nglimizdagi gap bo‘ldi. Chunki, bugun tadbirkorlik sub’yektlari kun sayin ko‘paymoqda, lekin hisobchi mutaxassislar har kuni yetishib chiqayotgani yo‘q. Bir hisobchi bir necha tadbirkorning buxgalteriya hujjatlari bilan ishlayapti. U o‘zi bilib-bilmay xato qilishi, hisobotlarni kechiktirib topshirishi mumkin. Bundan tadbirkor xabardor bo‘lmay ham qoladi. Ana shunday paytda korxonaga yoki tadbirkorga katta moliyaviy sanksiya qo‘llash, biznes rivojiga to‘siq bo‘ladi. 

Shuning uchun kelgusi yildan boshlab soliq idoralari o‘z elektron dasturlari orqali biznes sub’yektlariga hisobotlarini shakllantirish xizmatini yo‘lga qo‘yishi ham biz uchun katta qulaylik bo‘ldi.

Yoki endilikda tadbirkorlik sub’yekti faoliyat ko‘rsatayotgan bino va inshoot joylashgan yer maydonlarining xususiy mulk sifatida e’tirof etilishi ham bizga yerdan yuqori likvidli aktiv va garov ob’yekti sifatida foydalanish imkoniyatini beradi. Shu paytgacha kredit olmoqchi bo‘lsak, bino-inshoot baholanib, garov sifatida qabul qilinardi, lekin yer hisobga olinmasdi.

Ochiq muloqotda davlatimiz rahbari aytgan yana ko‘p masalalar, yangiliklar barcha tadbirkorlarni xursand qilishi barobarida, hech qanday savolga o‘rin qoldirmadi. Prezidentimiz, kerak bo‘lsa, har bir tadbirkorning muammosiga yechim topib berdi.

Uchrashuvdagi eng hayajonli damlardan biri, shubhasiz, 20 avgustning tadbirkorlar kuni deb belgilashning talkif etilishi bo‘ldi. Prezidentimiz shu taklifni aytganlarida, ochig‘i, bundan qalbimiz faxrga to‘lgani bir olam, hayajon va quvonchi yana bir olam bo‘ldi.

Mamlakatimizda tadbirkorlik uchun yaratilgan imkoniyatdan foydalanib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan ishbilarmon sifatida aytishim mumkinki, 2021 yilning 20 avgusti O‘zbekiston tadbirkorlari uchun yangi davrning boshlanishi, tarixiy kun bo‘lib qoldi.

Narziqul XOLIQOV,

Samarqand shahridagi “Germes Farovon” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari.