Prezidentning kuyovi ham jarima to‘ladi

Kecha ijtimoiy tarmoq va OAVda Prezident Sh.Mirziyoyevning kichik kuyovi, O‘zbekiston triatlon federatsiyasi raisi Otabek Umarovning Tesla rusumli avtomobilini yuqori tezlikda boshqargani videosi tarqaldi

O.Umarov tezlikni oshirib, yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun jarimaga tortildi. U o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida bu holatga quyidagicha izoh berdi.

“Kuni kecha ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda men bilan bog‘liq videoning tarqalgani Prezidentimizning ochiqlik va so‘z erkinligi siyosati amalda ekanini ko‘rsatadi, deb o‘ylayman.

Jurnalistlar va blogerlar haqiqatan ham real hayotimizda bor muammolarni ko‘tarib chiqayotgani quvonarli. Sizlar jamiyatda ro‘y berayotgan voqealarga befarq emasligingiz, odamlarning mavqei va lavozimidan qat’i nazar tanqid qilayotganingiz bizni o‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlashga va tartibga rioya qilishga chaqiradi.

Bugunoq barcha jarimalar to‘landi.

Qonun barcha uchun barobar!

Shu fursatdan foydalanib, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining jonkuyar xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman!”