Profilaktika inspektoridan 200 dollar talab qilgan soxta DXX xodimi ushlandi
Qarshi shahrida soxta DXX xodimi - fuqaro Furqat Ochilov Nishon tumani ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektoridan 200 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ushlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, F.Ochilov profilaktika inspektoriga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini DXX xodimi, deya tanishtiradi va unga nisbatan Nishon tumanidagi dehqon bozori hamda tuman hokimligi oldidagi 2 ta holat bo‘yicha videoyozuv borligini aytib, aldaydi. Agarda 200 AQSh dollari bersa, go‘yoki, profilaktika inspektorining noqonuniy xatti-harakatlari tasvirlangan ushbu videoyozuvlar bilan bog‘liq muammoni hal qilib berishini bildiradi.
Tezkor tadbirda Kitob tumanida tug‘ilgan F.Ochilovning yonidan DXX Chegara qo‘shinlarining soxta guvohnomasi va bir nechta fuqarolarning pasport nusxalari hamda fotosuratlari topildi. Shuningdek, u vaqtinchalik yashab kelgan Nishon tumani Ulug‘bek MFYdagi uydan leytenant unvonidagi DXXning harbiy kiyimi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Mazkur fuqaro muqaddam firibgarlikda ayblangan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan.