Profilaktika inspektorlari mahallaga hisob berdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2017 yil 10 aprelda qabul qilingan qaroriga ko‘ra, tuman, shahar IIB boshliqlarining yoshlar masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda viloyatimizdagi 1087 ta mahallada xizmat olib borayotgan 697 nafar profilaktika inspektorlari yilning birinchi choragidagi faoliyati yuzasidan mahalliy kengashlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga hisobot berdi.
Xususan, xalq deputatlari Samarqand tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida tuman IIB boshlig‘i A.Sulaymonov, boshliqning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari R.Xojiyev hisobot berdi. Shuningdek, “Gulbog‘” va “Qo‘shko‘prik” mahalla fuqarolari yig‘inlari vakillari hududga xizmat ko‘rsatuvchi profilaktika katta inspektori mayor D.Alimovning hisobotini eshitdi.
Hisobotlarda qayd etilishicha, joriy yilning birinchi choragida tumanda umumiy jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 249 tadan 175 ta (29,7 foiz)ga, muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 105 tadan 31 ta (70,5 foiz)ga, xotin-qizlar jinoyatchiligi 92 tadan 62 ta (32,6 foiz)ga, yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 361 tadan 200 ta (44,6 foiz)ga kamaygan. Ishsizlar qo‘l urgan jinoyatlar ham o‘tgan yilga nisbatan 115 tadan 47 ta (61,7 foiz)ga kamayishiga erishilgan.
Shu bilan birga yig‘ilishda joylarda uchrayotgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda keng jamoatchilik bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Deputatlar va mahallalar faollari mas’ullarning hisobotlarini ma’qullab, ularning egallab turgan lavozimiga loyiqligi haqida tavsiyalar qabul qildi.
– Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar natijasida yilning birinchi choragida viloyatimizdagi mahallalarning 38 tasida jinoyatlar soni kamaygan bo‘lsa, 882 tasida jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi, – deydi viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i R.Rahimov. – Viloyat bo‘yicha umumiy jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28 foizga (817-587), jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar esa 34,5 foizga (539-353) kamaydi. Bunda albatta, profilaktika inspektorlarining fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan hamkorlikdagi faoliyatining ahamiyati katta. Profilaktika inspektorlarining hisobotlarini eshitish chog‘ida ana shu hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan fikrlar bildirildi.