Psixotrop doriga ruju qo‘ygan ayolning jazosi yengillashdi: Nega?
Norxol ota-onasidan erta yetim qolib, akalari va yangalari qo‘lida o‘sdi. Balog‘atga yetgach, uni yangalari qistovi bilan uch xotindan ajrashgan erkakka turmushga berishdi. Oradan vaqt o‘tib, uch farzandli bo‘ldi. Boshida turmushi yaxshi kechayotgandi. Eri u yer, bu yerlarda ishlab avvalgi xotinlaridan orttirgan bolalariga aliment ham to‘lamasdan ro‘zg‘orini eplab yuruvdi. Keyinchalik aliment to‘lovlarini undirish bo‘yicha sud ajrimi chiqib, to‘lashga majbur bo‘layotgan er Norxolga Turkiyaga ishga borishi, o‘zi esa bolalariga qarab o‘tirishni taklif qildi.
Uydagi janjallardan, turli noxushliklardan bezgan xotin erining bu taklifiga rozi bo‘ldi. Turkiyaning Istambul shahriga borib, bir xonadonga ishga joylashdi va ikki yil oshpazlik qildi. Oyma-oy topgan pullarini eriga jo‘natdi. Er esa bu pullar hisobidan avvalgi xotinlaridan orttirgan bolalari uchun aliment to‘ladi. Norxolning uch farzandini uning akalari qaramog‘iga tashlab, yana boshqa xotinga uylanib oldi.
Erining bu qiliqlaridan xabar topgan Norxol og‘ir ruhiy tushkunlikda qoladi. Tez-tez boshi og‘riydigan, o‘zini loxas his etadigan bo‘lib qoladi. Buning sababini bilish maqsadida Istambuldagi xususiy shifoxonalardan biriga murojaat qiladi. Ruhiy tushkun holatdagi bemorga shifokorlar 60 dona «Medazepam» psixotrop dorisini iste’mol qilishi lozimligini tavsiya etishadi.
Ushbu dorining endigina 25 donasini iste’mol qilib bo‘lganida, Norxol oilasi bag‘riga qaytishga qaror qiladi. Dorining qolgan qismini «shifokorning tavsiyasi bor-ku» deya cho‘ntagiga solib, Samarqandga yo‘l oladi. Hatto, dorilarni deklaratsiya ro‘yxatiga kiritishni ham unutadi.
«Istambul-Samarqand» yo‘nalishidagi aviareysda Vataniga qaytgan Norxolni aeroport bojxona nazorati xodimlari 35 dona taqiqlangan psixotrop dori vositasini olib o‘tishda ayblab qo‘lga olishadi.
Ruhiy azob ustiga bunday ayblovning qo‘yilishi Norxolga juda og‘ir botadi va kuchli tushkunlik ta’sirida u hatto IIB tergovchisiga o‘zini himoya qiladigan vajlarni keltira olmaydi.
Adolat qaror topishiga umid qilgan uning qarindoshlari sa’y-harakati bilan Norxolning huquqiy himoyasini ta’minlashga kirishdik. O‘rganishlar jarayonida ayolning eri tomonidan tazyiqlarga uchrashi, farzandlaridan uzoqda yashab, turli ijtimoiy omillar, ruhiy azoblar ta’sirida psixotrop doriga ruju qo‘ygani aniqlandi. Uning aybini yengillatuvchi bir qator sabablar sudga taqdim etildi.
Natijada sud tomonidan Norxolga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishiga erishdik.
Dilafro‘z Astonova,
Samarqand shahridagi «Amon» advokatlar hay’ati advokati.