"Putin hazil qilmayapti": Jo Bayden yadroviy "Armageddon" tahdidi haqida ogohlantirdi
Yadroviy "Armageddon" tahdidi 1962 yildagi Kuba raketa inqirozidan beri eng yuqori darajada turibdi. Bu haqda Jo Bayden Senatning Demokratik qo‘mitasi kampaniyasi uchun mablag‘ yig‘ish tadbirida aytib o‘tdi.
Rossiya yadroviy doktrinasi haqida gapirar ekan, Amerika prezidenti kuchsizroq taktik qurollardan foydalanish tezda nazoratdan chiqib ketishi va global halokatga olib kelishi mumkinligini ta’kidladi.
Bayden “Vladimir Putinni juda yaxshi bilishi”ni aytdi va Rossiya rahbari “Taktik yadro, biologik yoki kimyoviy qurollardan foydalanish haqida gapirganda hazillashmaydi” deya ogohlantirdi.
Bir kun avval Avstraliyaning Lowy Institute tahlil markazi bilan videokonferensiyada Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy agar Rossiya yadro qurolidan foydalanishga qaror qilsa, NATOning “oldindan zarbalari” haqida gapirdi.
Vladimir Zelenskiy:
"NATO nima qilishi kerak? Rossiyaning yadro qurolidan foydalanish ehtimolini yo‘q qilishi… Lekin, birinchi navbatda, 24 fevraldan oldingidek, yana xalqaro hamjamiyatga murojaat qilaman. Oldindan preventiv (oldini oluvchi) zarbalar, foydalangan taqdirda ular bilan nima bo‘lishini bilishlari uchun».
Keyinroq Zelenskiyning matbuot kotibi Sergey Nikiforov Ukraina prezidenti profilaktik sanksiyalarni nazarda tutganini tushuntirdi.
O‘zining yaqinda aholiga qilgan murojaatida Vladimir Putin qisman safarbarlik e’lon qilishdan tashqari, mamlakat hududiy yaxlitligiga tahdid tug‘ilgan taqdirda yadro arsenalidan foydalanish imkoniyatiga ham sha’ma qilgan edi.
Ukrainaning to‘rtta viloyatining anneksiya qilinishini qonunlash orqali prezident hozirda ular Kreml tomonidan Rossiya Federatsiyasining “yangi hududlari” sifatida qaralayotganiga ishora qildi.
Shu kunlarda Qo‘shma Shtatlar Kiyevning qat’iy iltimoslariga qaramay, Qrimdagi nishonlarga ehtimoliy zarbalar bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli, taxminan 300 kilometr masofaga uchadigan ATACMS raketalarini Ukrainaga topshirishdan bosh tortmoqda, deb yozadi WSJ amerikalik rasmiylar va kongressmenlarga tayanib.
AQShning bu raketalarni yetkazib berishni istamasligi - Ukrainani Rossiya bilan kengroq mojaroga olib kelmasdan qanday qo‘llab-quvvatlash borasidagi chuqur bahsni aks ettiradi, deb yozadi gazeta.