Putin va Erdog‘an Moskvada qanday kelishuvlarga erishdi?
5 mart kuni Putin va Erdog‘an o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv olti soatga yaqin vaqt davom etdi. Dastlab mamlakat rahbarlari uch soatcha yolg‘iz suhbat qurishdi, so‘ng uchrashuv delegatsiya a’zolari bilan birgalikda davom etdi. Kremlda olib borilgan muzokaralar chog‘ida Rossiya va Turkiya delegatsiyalari tarkibida, ikkala davlatning tashqi siyosat va mudofaa rahbarlari ishtirok etdi.
Muzokaralar yakunida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Turkiya Prezidenti Rejep Toyipp Erdog‘an jurnalistlar uchun matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Muzokaralarning asosiy mavzusi Idlibdagi (Suriya) vaziyat bo‘ldi. Bu haqda uchrashuvdan bir kun ilgari RF matbuot kotibi Dmitriy Peskov xabar bergan edi. “Rejalar - Erdog‘an bilan Idlibdagi keskin vaziyatni muhokama qilish. Kutilayotgan natija – mazkur keskin vaziyatni o‘zaro yakdillikda tushunishga erishish, vaziyat keskinlashuvi sabablari, salbiy oqibatlari va uning oldini olish uchun hamkorlikda olib boriladigan chora-tadbirlar majmuini shakllantirish”, deya ta’kidladi Peskov.
O‘z navbatida, muzokaralardan asosiy maqsad nizoga barham berish ekanligi tasdiqlandi. “Bizda Rossiya bilan har tomonlama aloqalar mavjud. Yarashuvni ta’minlash uchun muhim bo‘lgan barcha tadbirlar muhokama qilinishi zarur”, dedi Turkiya yetakchisi matbuot kotibi Ibragim Kalin.
Uchrashuv boshlanganda Putin Erdog‘anga Suriyada halok bo‘lgan turk harbiylari uchun hamdardlik bildirdi: “Hech kim, Suriya harbiylari ham shu qatorda, ularning qarorgohi qayerda ekanligini bilmasdi”, dedi u.
Shuningdek, RF Prezidenti Suriya armiyasining jiddiy talafot ko‘rganligiga e’tibor qaratdi va Erdog‘anga: “Bunday holat boshqa takrorlanmasligi va bu ikki tomon ham qadrlaydigan - Rossiya-Turkiya o‘rtasiga sovuqchilik tushirmasligi uchun barcha muammolarga to‘xtalish lozim”gini taklif qildi.
Erdog‘an bugungi kunda Rossiya va Turkiya munosabatlari o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqqanligini ta’kidladi: “Bu shubhasiz, mudofaa sanoati, savdo aloqalari va boshqa sohalarni o‘z ichiga oladi. Ular rivojlanishda davom etmoqda. Bizning fikrimizcha va so‘zlashimizcha, biz shu yo‘nalishda oldinga siljishimiz zarur”.
Muzokaralar yakuniga ko‘ra, Prezident Vladimir Putin Rossiya va Turkiya Suriya Idlibidagi keskin vaziyatni yechish uchun maqbul yechimlar topganini bayon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun mamlakatlar o‘rtasida imzolangan hamkorlikdagi hujjatga erishildi. RF Prezidenti muzokaralar vaqtida ikkala tomon ham Ostona formati doirasida aloqalar davom etishidan manfaatdor ekanligini ta’kidladi. 5 mart kuni erishilgan kelishuvlar Suriya hududida olib borilayotgan harbiy harakatlarni to‘xtatishga asos bo‘lishidan va Suriyada tinchlik o‘rnatilishi jarayonining davomi etishiga xizmat qilishidan umidvor ekanligini aytdi.
Erdog‘an esa o‘t ochishni bekor qilish tartibi 5 martdan 6 martga o‘tar kechasi amaliyotga kiritilishini va Moskva vaqti bilan 00.01 dan boshlab amal qilishini xabar qildi.
Turkiya Prezidenti, Suriya qochoqlarini vataniga qaytarishga Anqaraning ko‘maklashuvi to‘g‘risidagi majburiyatlari haqida axborot berdi. U shuningdek, Suriya harbiylarining harakatlariga javob berish huquqi Turkiyaning o‘zida qolayotganligini ham qo‘shimcha qildi.