Qabul-2020: Abituriyentlar qanday tartibda ro‘yxatdan o‘tadi? Test sinovlari onlayn bo‘lishi mumkinmi?

- Abituriyentlar hujjatlarini qanday tartibda va qayerdan ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin?

- Abituriyentlar my.gov.uz yoki abitur.dtm.uz veb saytlari orqali onlayn tarzda hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin.

Shuningdek, Respublika maxsus komissiyasining tasdiqlab bergan hududlardagi Davlat xizmatlari markazlari orqali ham hujjat topshirish mumkin.

Ayrim toifa abituriyentlar, ya’ni fuqaroligi bo‘lmagan shaxslargina OTMlarga borib hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazadi.

- Nega onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentning rasmi chiqmay qolishi kuzatilyapti?

- Abituriyentlar onlayn ro‘yxatdan o‘tayotganda quyidagilarga e’tibor berishlari kerak:

  • Birinchi navbatda, ro‘yxatdan o‘tayotgan telefon raqami shaxsiy o‘ziniki bo‘lishligi;
  • Parolni yaratishda alohida e’tiborli bo‘lishlik (tez yodda saqlab qoladigan qilib yaratish, masalan, pasport seriyasi va raqami AA0000001);
  • Jismoniy shaxsning indenfikatsion raqamini to‘g‘ri aniqlab olish va hokazo.

Yuqoridagi ma’lumotlar to‘g‘ri kiritilsa, tizim Davlat personallashtirish markazidan ma’lumotlarni yuklab oladi.

To‘g‘ri, bugunga kelib oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda murojaat qiluvchilar soni keskin oshmoqda. Bu esa tizimning katta yuklanishlar bilan ishlashiga olib kelmoqda. Bularning oldini olish maqsadida tizimda abituriyentning rasmini ko‘rsatmaslik tizim tomonidan bajarilmoqda. Bu xatolik emas. Tizim yuklanishlar kamayishi bilan rasmlarning ko‘rsatilishini ta’minlaydi.

- Onlayn hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida qanday hujjatlar kerak bo‘ladi?

- 1. Pasport;

  1. Shahodatnoma yoki diplom;
  2. Imtiyoz beruvchi hujjat (agar ega bo‘lsangiz).

 Bu hujjatlarning asli yoki skaner qilingan nusxasi talab qilinmaydi. Faqatgina hujjatlardagi ma’lumotlar tizimga kiritiladi, xolos.

Agar abituriyentda imtiyoz beruvchi hujjatlar bo‘ladigan bo‘lsa, ushbu hujjatning skaner qilingan yoki oddiy rasmga olingan shaklda, dasturdagi maxsus yuklash qismi yordamida saqlanadi.

- Onlayn hujjat topshirish jarayoni qachongacha davom etadi? Ma’lumotlarga o‘zgartirish kiritish mumkinmi?

- Hujjatlar ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng arizaga 20 iyulgacha o‘zgartirish kiritish mumkin. Masalan, abituriyent ta’lim yo‘nalishini o‘zgartirishi yoki imtiyoz beradigan hujjatni qo‘shib qo‘yishi mumkin. Shuningdek, xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, tuzatish mumkin.

Hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish joriy yilning 20 iyul sanasi, shu kuni soat 24:00 gacha davom etadi.

- Bir kishi bir nechta telefon orqali bir necha marta onlayn ariza topshira oladimi?

- Yo‘q, bir kishi faqat bir marta ariza yubora oladi. 2-3 ta telefon raqami orqali 2-3 marta ariza yuborib bo‘lmaydi.

Bitta telefon raqami orqali faqat bir marta ro‘yxatdan o‘tish mumkin. Shuningdek, 2-3 kishi bitta telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘ta olmaydi.

- Ro‘yxatdan o‘tishda to‘lov qay tartibda amalga oshiriladi? Kimlar to‘lov qiladi?

- Joriy yildan oldingi yillarda ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlar (I, II guruh nogironlari, to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar, bundan mustasno) to‘lovni amalga oshiradi. 

Onlayn ro‘yxatdan o‘tish tizimida plastik kartalar orqali onlayn to‘lash mumkin. Buning uchun onlayn hujjat topshirayotganda plastik karta ma’lumotlarini kiritib, to‘lash tugmasini bossangiz, plastik karta ulangan kartaga SMS keladi va shu orqali to‘lovni amalga oshirish mumkin. Bundan tashqari, tizimda chiqarib berilgan invoys orqali istalgan bank filiallarida to‘lash mumkin.

Abituriyent testga kelmasa, pul qaytarib berilmaydi.

Faqat ijodiy imtihonlardan iborat bo‘lgan yo‘nalishlarga topshirgan abituriyentlardan to‘lov undirilmaydi. Shuning uchun tizimda bunday abituriyentlar uchun invoys shakllantirilmaydi. Agar ijodiy imtihonlardan iborat yo‘nalishlarni tanlagan abituriyentlar adashib to‘lov qilib qo‘ysa, ularga pullari qaytarib beriladi.

- Karantin cheklovlari yana kuchaytirilmoqda, test sinovlari onlayn tarzda o‘tkazilishi mumkinmi?

- 2020 yil 8 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining axboroti yuzasidan matbuot anjumanidan so‘ng turli manbalarda davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlari onlayn bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi.

Shuni eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 maydagi PQ-4319-son “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni hamda test sinovlarini o‘tkazishning aniq muddatlari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi.

Shuni ma’lum qilamizki, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarini o‘tkazish tartibi o‘zgarmagan. Agar respublika maxsus komissiyasi tomonidan karantin muddatlari uzaytiriladigan bo‘lsa, test sinovlarini o‘tkazish muddatlari o‘zgarishi mumkin.

Savollarga Davlat test markazi viloyat bo‘limi boshlig‘i v.b. Vohid SIRLIBOYeV javob berdi.