Qalbaki kasallik varaqasi uchun 15 yil

Turkiya fuqarosi kasallik varaqasini qalbakilashtirgani uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin, deb xabar bermoqda DHA.

Konya viloyatidagi xususiy tibbiyot markazi xodimi Sait U iyul oyida kasallik bahonasida to‘rt kun ish joyida bo‘lmagan va buni tasdiqlovchi hujjat sifatida markaz egasiga kasallik varaqasini yuborgan.

Boshliq tomonidan olib borilgan tekshiruvlar davomida Sait kasalxonada bo‘lmagani aniqlangan. Bundan tashqari u Mersin plyajida olingan fotosuratini ijtimoiy tarmoqda baham ko‘rishga ulgurgan.

Sait koronavirus alomatlari borligiga shubha qilgani va kasalxonaga bormagani, tanish hamshiradan kasallik varaqasini tayyorlashni so‘raganini, hamshira telefon orqali kasallik varaqasi rasmini yuborganini aytgan.

Boshliq xodimni sudga bergan, birinchi sud majlisi iyul oyiga belgilangan. Xodim firibgarlik va hujjatlarni qalbakilashtirish uchun 15 yil, shifokor va hamshira esa mansab vakolatini suiiste’mol qilish va hujjatlarni qalbakilashtirish uchun 11 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.