Qalovini topsa, toshloqdan ham daromad olish mumkin
- Piyoz ko‘chatidan 3 oyda 30 million topayotgan ayollar.
- Ish joyi dalada-yu, birinchi bor dehqonchilik uchun yer olgan oilaning quvonchi.
- Xorij uskunasidan oldin xonadonda yasalgan minikultivator.
- O‘rmon yong‘og‘ini xonadonida o‘stirayotgan tomorqachi.
Yer yigitning ori, oilasining qo‘rg‘oni, tomorqa esa daromadi, farovonligi, tirikchiligi sifatida qaraladi. Haqiqatan ham yerga mehr qo‘ygan kishi uchun bu sifatlar begona emas.
Bulung‘ur tumani Kildon mahallasida yashovchi Ilhom Eshonqulov 2005 yildan buyon Rossiyada ishlab, oilasiga pul jo‘natgan. 20 sotix tomorqasi bo‘lsa-da, yerdan bu qadar katta daromad olishni bilmagan.
- 2016 yilda 20 sotix tomorqamni haydash uchun kichik yerni shudgorlash uskunasi yasadim, - deydi I.Eshonqulov. – Bu uskunada elektr energiyasida ishlab, yerni kerakli chuqurlikda shudgorlash mumkin va buning uchun uskunam yiliga 100 kVt soat elektr sarflaydi. O‘sha paytlarda xorijdan bu kabi minikultivatorlar hali kirib kelmagandi. Shunda mahalladagi qo‘shnilarim buning uchun patent ol, deb maslahat ham berishdi. Keyin internetdan tomorqada issiqxona tashkil etish va yaxshi daromad olish usulini ko‘rib qoldim. Surishtirsam, bizda profilni qayirib berish xizmati juda qimmat ekan, shuning uchun o‘zim shunday uskuna yasadim. 2019 yilda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 8 foizlik 100 million so‘m kredit olib, 15 sotix issiqxona qurdim. Yana internetdan koreyslar karam va sabzini maxsus usulda ekayotganligini ko‘rib, 8x8 o‘lchamda uskuna yasadim. 15 sotix issiqxonaning yarmiga sabzi, qolgan qismiga bodring ekdim. 7,5 sotix issiqxonadan 6-7 tonna bodring hosili olib, bozorga chiqardim. Bodringdan 15 million so‘m va sabzidan 7 million so‘mdan ortiq daromad oldim. Takroriy ekinga pomidor ekdim. O‘tgan yili dehqonchilik uchun suv tanqisligi kuzatildi va issiqxonaga tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qildim. Bu yil tomorqamdagi ochiq maydonga ham tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatdim. Bu suvni tejab qolmasdan, hosildorlikni oshirishda ham yaxshi samaradorlikka ega ekan.
Uddaburon tomorqachi chorva mollari boqish, 40 tupdan ortiq turli mevali daraxt, tok bilan birga, o‘rmon yong‘og‘i va boshqa noyob o‘simliklarni ham ko‘paytirayotgan ekan.
Tuman markazidan 30 kilometr olisda joylashgan Xo‘jamazgil mahallasida yashovchilar asosan kartoshka, piyoz va loviya ekish bilan shug‘ullanadi. Shu mahalladagi Nuriddin Umirov fermer xo‘jaligida dehqonchilik bilan shug‘ullanadi, lekin o‘z yeri bo‘lmaganligi tufayli doimiy daromadi yo‘q. Mahalla faollari bu oilani “Temir daftar”ga kiritdi, “E-AUKSION” dasturida qatnashib, 10 sotix yer olishdi. “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida mahalladagi 30 dan ortiq oila bir konturga dukkakli ekin ekdi. Hozirdan mahsulot xaridi uchun shartnomalar tuzilib, takroriy ekinga ekiladigan ekinlar uchun ham buyurtmalar aniq bo‘ldi.
Yana bir manzilimiz tumanning Esonturdi mahallasi bo‘ldi. Bu yerda tomorqalarga asosan piyoz ekilgan. Qish fasli poyoniga yetmasdan ekilgan piyoz ko‘chat holida sotilganda, yaxshi daromad olish mumkin ekan.
- Mahallamiz hududi asosan toshloq yer hisoblanadi, - deydi tomorqachi Baxtiyor Turopov. – Imkoniyatdan kelib chiqib, yerga mos ekin tanlaymiz. Fevral oyi yakuniga yetmasdan 15 sotix tomorqamizga piyoz ekamiz, keyin boshqa dalaga ekish uchun ko‘chat qilinadi. Asosiysi, boshqa hududda odamlar tomorqasini ekinga tayyorlamasdan turib, kattagina daromadga ega bo‘lamiz. O‘tgan yili piyoz ko‘chatining 1 kvadrat metri 20 ming so‘mga baholangandi va 3 oyda 30 million so‘m daromad oldik. Bu yil ham shuncha maydonda piyoz ko‘chati yetishtiryapmiz va 1 gektar maydonga ekamiz. Piyozning gektaridan 100 tonna hosil olinadi va uni eng arzon narxda – kilogramini 1500 so‘mdan sotganimizda ham 150 million so‘m daromad olinadi. Piyoz ko‘chatidan bo‘shagan maydonga takroriy ekin sifatida kartoshka, poliz-sabzavot ekinlari ekamiz.
Tomorqachining aytishicha, tomorqadagi ekinlardan olingan hosilning barchasi hisoblanmaydi, ammo daromad o‘rtacha 60-70 million so‘mdan ortadi. Bu mahallada xorijga ishlash uchun ketayotganlarni uchratish qiyin.
“Qalovini topsa, qor ham yonadi” deganlari shu bo‘lsa kerak. Toshloq yerda ham katta daromad olish uchun dehqonchilik sirlarini puxta o‘zlashtirganlar shu yerda ham yaxshi foydaga ega bo‘lmoqda.
O‘ktam Xudoyberdiyev.
* * *
Baxtiyor Mustanov olgan surat.