Qarindoshga qiz bermang!

Viloyatimizda sog‘lom oila va sog‘lom avlodni shakllantirish borasida birmuncha ijobiy ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, bu borada ayrim muammoli holatlar ham yo‘q emas. Ayniqsa, to‘rt muchasi sog‘, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish, onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida ayrim kamchiliklar mavjud.

Shu yilning 18 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘n yettinchi sessiyasida onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom bola tug‘ilishini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Bu haqda dastlab viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari S.Mo‘minovning axboroti eshitildi. Ammo boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari viloyat Kengashi raisi va deputatlar tomonidan berilgan savollarga to‘laqonli javob qaytarolmadi. Natijada sessiyada u vazifasiga noloyiq, deb topildi.

 Xo‘sh, sog‘lom bola tug‘ilishi borasida viloyatdagi vaziyat aslida qanday? Keling, shu savolga javob izlab ko‘ramiz.

2020 yilning 9 oyida Samarqand viloyatida 74 ming 385 nafar bola tug‘ilgan. Ularning 64 ming 229 nafari viloyatdagi tug‘ruq majmualarida tug‘ilgan bo‘lsa, 10 ming 156 nafari chegaradosh qo‘shni viloyatlar tug‘ruq majmualarida dunyoga kelgan. Ayrimlari 1-2 yoshga to‘lgandagina ularga tug‘ilganlik guvohnomalari berilgan. Natijada viloyat statistika va sog‘liqni saqlash boshqarmalari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarda tavofut yuzaga kelgan.

1000 nafar aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 25,5 promillini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2019 yilning shu davrida 25,8 promilli bo‘lgan. Yana raqamlarga murojaat qilamiz. Viloyat bo‘yicha eng ko‘p tug‘ilish Urgut tumanida 11075 nafarni tashkil etdi.

Shu bilan birga, viloyatda 94 nafar bola tug‘ma nuqsonlar bilan dunyoga kelgan. Ayrim hududlarda qarindoshlar o‘rtasida nikohlar soni ancha ko‘p. Bu esa nuqsonli bolalar tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda. Shu yilning 9 oyi davomida viloyatning Urgut tumanidagi Kamongaron mahallasida 2 nafar, Nurobod tumanidagi Oqsoy mahallasida 2 nafar chaqaloq tug‘ma nuqson bilan dunyoga kelgan.

Agar raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan viloyatda rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar soni kamaygan bo‘lsa-da, ayrim tumanlarda birmuncha oshganligini kuzatish mumkin.

Shuningdek, go‘daklar o‘limi ham viloyatda biroz kam qayd etilgan. Ya’ni, 2019 yilning 9 oyida har ming nafar chaqaloqqa nisbatan o‘lim ko‘rsatkichi 5.8 promillini tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilning mos davrida bu raqam 5.1 prommilli bo‘lgan.

Aslida, farzandlarimizning bittasi ham tug‘ma nuqson bilan tug‘ilmasligi mumkin. Buning uchun sog‘lom turmush tarziga amal qilib yashash, yoshlarimizga halol va haromni farqlashni o‘rgatish, ularda giyohvandlik, ichkilikbozlik kabi zararli illatlardan tiyilish ko‘nikmalarini hosil qilishimiz kerak. Muhimi, qarindoshga qiz bermang! Shundagina xalqimiz genofondini mustahkamlashga, sog‘lom avlod tug‘ilishiga hissa qo‘shgan bo‘lasiz.

Mirzo IXTIYoROV,

xalq deputatalari Samarqand viloyati Kengashi deputati.