Qarindoshiga chora ko‘rmaslik uchun IIB xodimiga pora taklif qilgan yana bir fuqaro qo‘lga olindi

IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limiga viloyat IIB transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlariga fuqaro tomonidan pora taklif qilinayotgani holati yuzasidan tezkor ma’lumot kelib tushgan. Bu haqda IIV matbuot xizmati ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, Samarqand viloyati IIB transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi patrul-post xizmati guruhi safdor xodimi Farrux Shodiyev joriy yil 5 dekabr kuni Paxtachi tumanidagi «Ziyovuddin» temir yo‘l bekatiga «Qoraqo‘ton» tilla konidan vagonga ortib olib kelingan ruda toshlari qo‘riqlovi va Navoiy viloyatiga qadar vagon kuzatuvini amalga oshirish uchun xizmatga jalb qilingan. Safdor F.Shodiyev soat 16:40 atrofida vagonga ortilgan ruda toshlari ikki nafar fuqaro tomonidan o‘zboshimchalik bilan olib ketilayotganligi holatini aniqlab, ularning bir nafarini ushlash chorasini ko‘rgan vaqtda 1998 yilda tug‘ilgan, Paxtachi tumanida yashovchi M.M. xodimning qonuniy harakatlariga to‘sqinlik qilib, sherigini qochirib yuborgan. Xodim fuqaro M.M.ni tegishli tartibda ushlab olib, viloyat IIB transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasiga holat yuzasidan bildirgi orqali murojaat qilib, chora ko‘rishni so‘ragan.

Bildirgi bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borish viloyat IIB transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimi, leytenant M.Mavlonovga yuklatilgan.

2019 yil 6 dekabr kuni soat 02:00 larda olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida fuqaro M.M.ning qarindoshi G‘.B. leytenant M.Mavlonovga murojaat qilib, M.M.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rmaslik va to‘plangan hujjatlarni sud idorasiga yubormaslik evaziga 1 000 000 so‘m miqdoridagi pulni pora sifatida taklif qilgan.

Suhbat jarayoni leytenant M.Mavlonov tomonidan uyali telefon apparati yordamida yozib olingan va audio yozuv diskka ko‘chirilgan. Shundan so‘ng leytenant M.Mavlonov viloyat IIB boshlig‘ining nomiga bildirgi bilan murojaat qilib, fuqaro G‘.B.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur bildirgi asosida 6 dekabr kuni soat 19:00 atrofida IIV O‘XB Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida 1988 yilda tug‘ilgan, Paxtachi tumanida yashovchi G‘.B. leytenant M.Mavlonovning xizmat xonasida unga 2 000 000 so‘m miqdoridagi pulni pora tariqasida bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand transport prokuraturasi tomonidan G‘.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.