Qarishni sekinlashtiruvchi mahsulotlar

Kosmetologik mo‘’jizalar insonga tashqaridan yordam beradigan bo‘lsa, ichki go‘zallik va yoshlik faqat o‘zimizga bog‘liq va biz yillar o‘tishining tashqi ko‘rinishimizga va sog‘lig‘imizga ta’sirini sekinlashtirishimiz mumkin.
Atrofingizga yaxshilab nazar soling, davrangizda yoshini bolalari yoki hatto nabiralari borligi orqali bilib olish mumkin bo‘lgan odamlar bormi? Bu nima bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin? Bu savolga javob juda oddiy - tana hujayralarini tiklash uchun muhim bo‘lgan moddalarni iste’mol qilgan holda to‘g‘ri, muvozanatli ovqatlanish.
Bugungi kunda ba’zilari mangu yoshlikni ta’minlab beradigan va ular o‘rnini hech narsa bosa olmaydigan ko‘plab foydali mahsulotlar ma’lum.
Qovoq urug‘lari. Tarkibidagi sink, triptofan va to‘yinmagan kislotalar kabi elementlarning ko‘pligi teri elastikligini yaxshilaydi va yaralar tez bitishini rag‘batlantiradi. Ushbu elementlar insonga sog‘lom, toza teri egasi bo‘lish bilan birga, ajinlar bilan kurashadi va yaxshi uyquni ta’minlaydi.
Pomidor. Pomidorlardagi likopin va karotidin bizni quyosh nurlaridan himoya qiladi. Uyda tayyorlangan pomidor sousi yoki pasterizatsiyalangan sharbati ham ish beradi.
Yog‘li baliq. Omega-3ga boy qizil baliq, seld, sardina kabi baliqlar iste’moli teri holatini yaxshilaydi va yallig‘lanishga qarshi xususiyatlarga ega. Baliqlar tarkibida mavjud bo‘lgan modda xotiramiz va kayfiyatimizga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Haftada uch marta yog‘li baliq (140 g) iste’mol qilish tavsiya etiladi. Hatto konservalangan baliq yoki oddiygina baliq yog‘ini iste’mol qilish ham tana yoshligi uchun juda foydali.
Kakao yoki qora shokolad. Yallig‘lanishga qarshi ta’sirga ega flavonoidlar erkin radikallarga qarshi kurashadi, bu esa qarish jarayonini sekinlashtiradi.
Bodom. Bu mahsulot flavonoidlar, L-arginin va Ye vitaminiga boy, qobig‘ida esa antioksidantlar mavjud. Arginin tomirlardagi qon harakatlanishiga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi. Kuniga shirin bodomning 8-10 dona yong‘og‘ini (30-50 g) iste’mol qilish kifoya.
Petrushka. S vitamini, karotinoidlar va xlorofillni o‘z ichiga olgan maydanoz qonni tozalaydi va shishishdan xalos bo‘lishga yordam beradi, shuningdek, tana yoshligining asosiy kaliti bo‘lgan glutation ishlab chiqarishga yordam beradi.
Limon.Tanadagi toksinlarni chiqarib tashlaydi, badandagi teshikchalarni tozalash va kamaytirish orqali teri sog‘lig‘ini yaxshilaydi.
Zanjabil. Asab va yurak-qon tomir tizimini barqarorlashtiradigan sineol va gingerol koni bo‘lib, u antibakterial xususiyatlarga ega, yallig‘lanish jarayonlarini bartaraf etishga yordam beradi va qon aylanishini yaxshilaydi.
Lavlagi. Suvda eriydigan tolasining yuqori miqdori tufayli qonni bir vaqtning o‘zida kislorod bilan boyitib, tozalash kabi noyob qobiliyatga ega.
Sariyog‘.Aynan tabiatda boqilgan sigirlardan olingan tabiiy sariyog‘da immunitet tizimimiz yallig‘lanish jarayonlari bilan kurashishga yordam beradigan ko‘p miqdordagi sog‘lom yog‘lar mavjud.
Albatta, foydali mahsulotlar ro‘yxati ancha uzun bo‘lishi mumkin, ammo yuqorida keltirilganlari hamma uchun hamyonbop bo‘lib, ularni uyingizga yaqin do‘konlarda topishingiz mumkin.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.