Qarnab otaning 6 ming nafardan ziyod aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi

Prezidentimizning 2018 yil 30 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suvi ta’minotini va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar  to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Paxtachi tumani markazidan 35 kilometr uzoqlikdagi, cho‘l hududida joylashgan Qarnab ota qishlog‘ida 22 kilometrdan ortiq suv tarmoqlari tortilib, qishloqning 6000 dan ziyod aholisi uzluksiz markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

“Obod maskan” dasturi doirasida tuman markazida joylashgan “Ziyovuddin” markaziy suv inshooti qayta ta’mirlanmoqda. Ushbu suv inshooti atrofi 700 metrlik himoya devori bilan o‘raldi. Ayni paytda inshootga yangi nasoslar o‘rnatish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish binosi, qurilish materiallari saqlanadigan omborxona, texnik vositalar saqlanadigan ayvon, xodimlar uchun yuvinish xonasi qurish ishlari olib borilmoqda. Mazkur ob’yektni joriy yilning aprel oyigacha foydalanishga topshirish nazarda tutilgan.

Yaqinda tumanda joylashgan Shams Nazar va Dobusqal’a mahallalarida viloyat “Suvoqava” DUK mablag‘lari hisobidan 5 kilometrlik ichimlik suvi tarmoqlari tortilib, 1200 dan ortiq aholi, shuningdek, 35-umumta’lim maktabi hamda 15-MTT uzluksiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Samarqand viloyati “Suvoqava” DUK matbuot xizmati.