Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qashqadaryoda asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasi sirini fosh qilishga uringan jurnalistga kuch ishlatilgani rostmi?

Mahalliy internet nashrlarida e’lon qilingan Qashqadaryoda asab-ruhiy kasalliklar shifoxonasi sirini fosh qilishga uringan jurnalistga kuch ishlatilgani  haqida xabarlar tarqaldi.

"Shifoxona qanday sirni yashirmoqda?” nomli materialda jurnalist Dilshod Nabiyevning joriy yil 27 avgust kuni tungi soat 23.00 dan keyin viloyat 1-sonli asab-ruhiy kasalliklar dispanserini video lavhaga olish maqsadida borganida dispanser navbatchi xodimlari tomonidan qarshilikka  uchragani, unga nisbatan kuch ishlatilgani va ish qurollari olib qo‘yilganligi haqida so‘z yuritilgan. Ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi quyidagilarni ma’lum qiladi.

O‘rganish jarayonida dispanser ishchi-xodimlari O‘zbekiston Respublikasining “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi qonunning 7-11 moddalari hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining “Psixiatriya shifoxonalarining Nizomi”ning 54-bandiga asosan harakat qilganliklari aniqlangan.

Jumladan, mazkur qonunning 7-moddasiga ko‘ra, ruhiy holati buzilgan shaxslarning qator huquqlari bilan birga, tibbiy vosita va usullarni sinash, ilmiy tadqiqotlar yoki o‘quv jarayoni ob’yekti tariqasida foydalanilishga, foto, video yoki kino suratga olinishga oldindan rozilik berish va istalgan bosqichda undan voz kechish huquqi qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Dispanserda tungi navbatchilikda turgan xodimlar qonunchilikdagi ushbu me’yorlarni eslatishiga qaramasdan, jurnalist navbatchi xodimlarga bo‘ysunmaganligi, turli so‘zlar bilan shifokorlarni haqorat qilganligi yuzasidan Qarshi shahar ichki ishlar bo‘limiga bildirishnoma taqdim etgan.

Vazirlik xabarida, hozirda ushbu holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotgani, vaziyat oydinlashgach, batafsil ma’lumot berilishi haqida aytilgan.