Qaysi mamlakatlarda odamlar tezroq qariydi?
AQSh, Ispaniya va Norvegiya olimlari 195 ta davlatdagi fuqarolarning qarish tezligini qiyosiy o‘rganishib, 1990 yildan 2017 yilgacha bo‘lgan ma’lumotlarni tahlil qildi.
Ular insult, ishemiya, turli onkologik va yurak-qon tomir kasalliklari, parkinson va alsgeymer, katarakta va glaukoma, yoshga bog‘liq eshitish qobiliyatini yo‘qotish kabi qarilik alomati sifatida kelib chiqadigan 92 ta kasalliklardan qaysilari o‘rta yoshdagi odamlarda paydo bo‘lishini aniqladilar. Vashington universiteti (Sietl) sog‘liqni saqlash ko‘rsatkichlari va baholash instituti, Ispaniyaning Karlos III sog‘liqni saqlash tadqiqot instituti biotibbiyot markazi va Norvegiya sog‘liqni saqlash institutining Fertillik va salomatlik markazi (Oslo) olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalari “The Lancet” ilmiy jurnalida chop etildi.
Tadqiqot dunyo bo‘yicha o‘rtacha “qarilik” 65 yoshni tashkil etishini, biroq ba’zi mamlakatlar aholisi qarilik kasalliklaridan ancha oldin aziyat cheka boshlashini ko‘rsatdi.
Masalan, qarish reytingida eng oxirgi, 195 o‘rinni egallagan Papua-Yangi Gvineyada keksalik 45 yoshga to‘g‘ri keladi. Afg‘onistonda qarilik (192 o‘rin) 51, Vanuatuda (193) 52 yoshda boshlanadi.
Tadqiqotga ko‘ra, Belarus va Gruziyada qarilik kasalliklari taxminan 60 yoshda, Rossiyada - 59 yoshda, Ukrainada - 57 yoshda rivojlana boshlaydi. Armanistonda o‘rtacha "qarilik yoshi" 64, Estoniyada - 66, Kubada - deyarli 67 yoshni tashkil qiladigan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich Eronda - 69, Meksika va Sloveniyada - 70, Finlandiyada – 72 yoshga teng. Shveysariya, Fransiya, Yaponiya, va Singapur aholisida barcha qarilik kasalliklari kechroq - 76 yoshda paydo bo‘ladi.
Shu bilan birga, tadqiqot mualliflarining qayd etishicha, so‘nggi 27 yilda dunyoda odamlar yoshga bog‘liq kasalliklardan kamroq aziyat chekmoqda va ular bilan bog‘liq bo‘lgan o‘lim darajasi ham kamaygan.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.