Qaytim nega berilmayapti?
E’tibor bergan bo‘lsangiz, aksariyat hollarda aholi (iste’molchilar)ga tovar sotib olingach (xizmatlardan foydalangach), naqd pul bilan hisob-kitob jarayonida qaytim o‘rniga turli tovarlar (saqich, konfet, gugurt, qurut va boshqalar)ni tutqazishadi. Yoki avtobusdan tushayotganingizda “Kelasi safar”, “Mayda pul yo‘q”, “Keyingi chiqqaningizda kam to‘laysiz” kabi bahonalar bilan qaytim berilmaydi. Bu esa aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
“Tezcard” tizimi ishlamayapti(mi)?
Jamoat transporti bilan bog‘liq muammolar haqida gap ketganda, avtobuslarning vaqtida qatnamasligi, yo‘lkira va qaytim masalasi, yo‘l haqini o‘zboshimchalik bilan belgilab oladigan, noqonuniy xizmat ko‘rsatuvchi taksilar va shu kabi muammolarga duch kelamiz. Ammo bugun bu masalalarning ayrimlariga yechim topilgan bo‘lsa-da, tizimda muammolar yuzaga kelmoqda.
Masalan, Samarqand shahridagi barcha jamoat transportlari, ya’ni avtobus va tramvaylar “Tezcard” to‘lov tizimidan foydalanishga o‘tkazilgan. Naqd pulsiz ishlaydigan tizim avtobus va tramvayda yuradiganlarga ma’qul kelgan edi. Ammo keyingi paytda haydovchi va konduktorlar validator ishlamayotganini bahona qilib, yo‘lovchilardan naqd pul berishlarini talab qilmoqda. Buning ustiga naqd pulda qilingan to‘lov uchun qaytim ham berilmayapti.
Yaqinda bir tanishim 64-yo‘nalishdagi avtobus haydovchisi bilan janjallashib qolganini aytib qoldi. Bunga sabab esa yo‘l kira haqini to‘lovchi elektron jihoz - “Tezcard” tizimi ishlamayotgan ekan. Buning ustiga haydovchi yo‘lovchiga nisbatan nopisand muomalada bo‘lgan va yonidagi konduktor ham “1500 so‘m bersangiz, pulingiz kamayib qoladimi, ertalabdan haydovchining asabiga o‘ynamang, avtobus boshqaryapti avariya qilishi mumkin” kabi gaplarni ishlatgan. Avtobusda validator buzilganligi uchun ishlamayotgandir balki, lekin yo‘lovchilarga qaytim nega qaytarilmayapti?
Bu arzimas pul deb o‘ylashingiz mumkin, ammo hisoblab chiqilsa, yaxshigina pul bo‘ladi. Misol uchun, bir kunda o‘rtacha 4 marta avtobusga chiqadigan odamga 100 so‘mdan qaytim berilmasa, bu 400 so‘m pul degani. Bir haftada 2800 so‘m, bir oyda 12 ming so‘m, yiliga 146 ming so‘m bo‘ladi. Axir avtobusdan kuniga yuzlab odam foydalanadi. Bu holatga befarq qarab bo‘lmaydi-ku!
50 so‘mdan 1000 so‘mgacha bo‘lgan qaytim naqd pulda qaytarilishi kerak
Yaqinda supermarketga kirib, ul-bul oldim va pulini to‘lash uchun kassaga keldim. Sotuvchi mahsulotni hisoblagach, pulini uzatdim va 500 so‘m qaytim talab qildim. Ammo sotuvchi mayda pul yo‘qligini aytib, qo‘limga saqich tutqazdi. To‘g‘risi, xaridorlar kassada navbatda turgani uchun sotuvchi bilan gap talashmadim. Aslida, 50 so‘mdan 1000 so‘mgacha bo‘lgan qaytim naqd pulda qaytarilishi kerak. Bu “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasida ko‘rsatilgan.
Ushbu qonunning 21-moddasiga ko‘ra, sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas. Shu sababli, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari sotuvchilari (xizmat ko‘rsatuvchilar) oldi-sotdi amalga oshirilgach (xizmatlar ko‘rsatilgach), qaytim qaytarish zarurati yuzaga kelganda, hech qanday istisnolarsiz va savol-so‘roqlarsiz xaridorga 50 so‘mdan 1000 so‘mgacha bo‘lgan qaytimni naqd pulda qaytarishlari lozim.
- Banklarda bugungi kun talabini qondira oladigan miqdor va hajmlarda mayda pul zaxirasi mavjud, - deydi viloyat Markaziy bank boshqarmasi naqd pul muomalasini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Eldor Hamdamov. - Mazkur mayda pullarni (50 so‘mdan 500 so‘mgacha bo‘lgan tanga pullarni) olish uchun aholi bilan naqd pulli hisob-kitoblarni olib boruvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlardan bankka murojaat qilish talab qilinadi, xolos. Agar, savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarida naqd pulda to‘lovlar amalga oshirilgach, qaytim o‘rniga boshqa tovarlar zo‘rlab tiqishtirilsa, qaytimni naqd mayda pulda berishdan bosh tortishsa, Markaziy bankning ishonch telefonlariga yoki O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkilotlariga va uning filiallariga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.