Qirg‘izistondagi norozilik namoyishlarida 22 kishi jabrlandi
Bugun, 3 mart kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizlik oqibatida 22 nafardan ortiq fuqaro jarblandi.
“Bishkek shahar sog‘liqni saqlash tashkilotiga tibbiy yordam olish uchun 22 nafar shaxs murojat qildi (19 nafar huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari, 3 nafar fuqaro)”, deb bayonot berdi mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili.
Bundan tashqari, sodir etilgan tartibsizliklar tufayli 160 nafar shaxs militsiya idoralariga olib kelindi. Ulardan to‘rt nafari hibsga olindi. Qolganlarining shaxsiga aniqlik kiritilganidan so‘ng uylariga qaytishlariga ruxsat berilgani haqida xabar berdi Qirg‘iziston IIV matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, kecha Qirg‘iziston sobiq deputati Sadir Japarovning 800 ga yaqin tarafdorlari Bishkek markaziy maydoniga bir qator talablar bilan yig‘ilgan. Ular Qirg‘iziston Sudi tomonidan 2013 yil 7 noyabrda bo‘lib o‘tgan namoyishlar tufayli 11 yarim yilga qamoq jazosi tayinlagan Japarovni ozodlikka chiqarishni so‘rashgan.
Mamlakat Prezidenti matbuot xizmati tomonidan hukumat a’zolari tomonidan ushbu talab ko‘rib chiqilishi to‘g‘risida ma’lumot berilgan. Biroq namoyishchilar tarqalishni xohlamaganlar. Shundan so‘ng huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari ularni tarqatishga kirishgan. Militsiya xodimlari ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va tutunlardan foydalangan. Namoyishchilar militsiya xodimlarini toshbo‘ron qilishgan.
Qirg‘iziston IIV sodir bo‘lgan tartibsizliklarni namoyish tashkilotchilari zimmasiga yuklamoqda.