«Qish uyqusi»dan uyg‘onmaganlar

Samarqand viloyatida bu yil 20 ta yozgi oromgohda 9630 nafar bolani sog‘lomlashtirish ko‘zda tutilgan. Afsuski, yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishda hali «qish uyqusi»dan uyg‘onmaganlar ham bor ekan.

Urgut tumanida joylashgan «Go‘zalkent» oromgohi Past Darg‘om tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli bo‘lib, bu dargoh nihoyatda ayanchli ahvolda. Go‘yoki egasi ko‘chib ketib, qarovsiz qolgan hovliga o‘xshaydi.

Tabaqalari zanglagan, yon-atrofini o‘t-o‘lanlar qoplagan darvozani zo‘rg‘a ochib, ichkariga mo‘raladik. So‘ngra arang yo‘l topib, mung‘ayib turgan binolar oldiga bordik. Nazarimizda, bu go‘shaga anchadan buyon odam oyog‘i tegmagan ko‘rinadi.

To‘g‘risi, sakson o‘rinli, mavsum mobaynida 320 nafar o‘g‘il-qizni sog‘lomlashtirishi lozim bo‘lgan bu maskanning ahvoli qandayligini tasvirlashga til ojiz. Pavilonlar eskirib, avariya holatiga kelib qolgan. Stol-stullar, shkafu tumbochkalar, muzlatkich, televizor va boshqa jihozlarning deyarli barchasi foydalanish uchun yaroqsiz. Cho‘milish havzasi va toza ichimlik suv yo‘qligi haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Past Darg‘om tumani XTB mutasaddilaridan Nurobod tumanining Mehnat qishlog‘ida yangi oromgoh barpo qilinayotganini eshitdik. Yangi go‘sha ikkinchi mavsumdan bola qabul qilishni ham boshlab yuborarmish. «Go‘zalkent» oromgohi rahbari Sohib Mamasoliyev, tuman xalq ta’limi bo‘limi vakili Uchqun Sanaqulov bilan qurilish maydonida uchrashdik. Bir hovuch metall konstruksiyalardan nimadir yasalayotganiga ko‘zimiz tushdi, xolos. Tasvirdagi qurilish ko‘lamiga o‘zingiz baho berarsiz.

Viloyat don mahsulotlari korxonalariga qarashli «Bahora» oromgohidagi nuragan yotoqxona o‘rnida yangisi qurilishi rejalashtirilgan bo‘lsa-da, haligacha ish boshlangani yo‘q. Atrofidagi devorlarni yangilash – kechiktirib bo‘lmas vazifa.

«Sog‘lom avlod» oromgohi taqdiri bilan qiziqadigan odamning o‘zi yo‘q. Respublika «O‘zpaxtasanoat» uyushmasi balansiga o‘tkazilgan bu dargohga odam qadami tegmaganiga naqd ikki yil bo‘ldi-yov. Uyushma bu maskanni ta’mirlab, ishga tushirish o‘rniga uni «pullash» tashvishiga tushib qolgan. Nahotki, mavsumda 750 nafar bolani qabul qilish quvvatiga ega bo‘lgan bu maskanning ­keyingi taqdiri hech kimni qiziqtirmasa?

Nurilla Shamsiyev.