Qishda tabiiy gaz va ichimlik suv tarmoqlarida nosozlik kuzatilmaydimi?

2020-2021 yillarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini nazorat qilish Respublika ishchi guruhi viloyat aholisining ichimlik suvi hamda tabiiy gaz bilan ta’minlanish darajasini o‘rganib chiqdi.

Bugungi kunda viloyatda 53,6 kilometr ichimlik suv tarmoqlarining 27,4 kilometrini mukammal, 26,2 kilometrini joriy ta’mirdan chiqarish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 185 dona nasos uskunalari ta’mirlanishi lozim. Biroq hozirgacha 42,4 kilometr ichimlik suv tarmoqlari va 76 dona suv nasosi uskunalari ta’mirlangan, xolos.

Viloyatda 768 ming 754 xonadon gazlashtirilgan bo‘lib, ulardan 289 ming 415 tasi tabiiy gaz bilan ta’minlangan. 479 ming 339 xonadonga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Tabiiy gaz bilan ta’minlangan xonadonlarning 64 ming 882 tasi ko‘p qavatli uylarda joylashgan.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tomonidan 2020-2021 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risidagi chora-tadbirlariga ko‘ra, joriy yilda rejadagi 1,2 kilometr gaz quvurlari joriy, gaz tarqatish quvurlarining 65 foizi, ya’ni 39 tasi mukammal ta’mirdan chiqarilgan. Gaz taqsimlash qutilarining 92 foizi taftish qilinib, 756,3 kilometr gaz quvurlari bosim ostida sinovdan o‘tkazildi.

Samarqand shahri aholisining qishning sovuq kunlarida tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida Al-Buxoriy, Amir Temur ko‘chalari, Universitet xiyoboni orqali o‘tuvchi yuqori va o‘rta bosimli gaz quvurlari hamda Qaynama, Chordara, Madadkor mahallalarida, shuningdek, Gagarin ko‘chalarida past bosimli gaz tarmoqlari sinovdan o‘tkazilmoqda, yaroqsiz quvurlar esa yangilanmoqda.

Guruh a’zolari Payariq tumanidagi Yangiobod mahallasida bo‘lib, mavsumga tayyorgarlik yumushlari bilan yaqindan tanishdi. Mahallada 842 xonadon bo‘lib, ulardan 265 tasi tabiiy gaz bilan ta’minlangan. 577 xonadonga suyultirilgan ballonli gaz yetkazib beriladi. Uzunligi 1,2 kilometr gaz tarmoqlari va 11 dona gaz taqsimlash qurilmalari taftish qilindi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar yashaydigan va kam ta’minlangan oilalarga 98 dona gaz ballon tarqatildi. 

Guruh tarkibidagi “O‘zneftgazinspeksiya” mutaxassislarining o‘rganishlari natijasida tumandagi Xo‘jaobod mahallasi xonadonlarida tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 0,4 kilometr gaz quvuri mukammal ta’mirlangan, ammo gaz quvuri ulanmaganligi sababli ishlar yakuniga yetkazilmagan.

Samarqand viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi axborot xizmati.